Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Qo‘shma ta’lim dasturlariga o‘qishga qabul qilish tartibiga o‘zgartirish kiritildi

25.07.2021 19:02
Qo‘shma ta’lim dasturlariga o‘qishga qabul qilish tartibiga o‘zgartirish kiritildi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy hamkor oliy ta’lim tashkilotlarining qo‘shma ta’lim dasturlari asosida ta’lim faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

2022-yil 1-yanvardan boshlab qo‘shma ta’lim dasturlarini Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ekspertizadan o‘tkazish tartibi joriy etiladi va faqat ijobiy ekspertiza xulosasiga ega bo‘lgan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida ta’lim faoliyatini tashkil etishga ruxsat beriladi.

Qo‘shma ta’lim dasturlari asosida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab o‘qishga qabul qilish ikki bosqichda amalga oshiriladi:

I bosqichda xorijiy hamkor oliy ta’lim tashkiloti bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan qabul qilish tartibiga muvofiq kirish imtihonlari o‘tkaziladi;

II bosqichda O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotining buyurtmasi asosida Davlat test markazi tomonidan kelishilgan muddatlarda qo‘shma ta’lim dasturida o‘qitish olib boriladigan chet tilidan kirish imtihoni o‘tkaziladi.

Bunda:

  • birinchi bosqichda kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ballning 30 foizini to‘plagan abituriyentlar ikkinchi bosqichda o‘tkaziladigan imtihonda ishtirok etishga haqli bo‘ladi;
  • ikkinchi bosqichda chet tili bo‘yicha kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ballning kamida 30 foizini to‘plagan abituriyentlar qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovda ishtirok etadi hamda qabul parametrlaridan kelib chiqib, o‘qishga qabul qilinadi. Chet tili bo‘yicha bakalavriatda kamida B1 darajadagi, magistraturada kamida B2 darajadagi milliy va unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar ikkinchi bosqichda chet tilidan o‘tkaziladigan imtihondan ozod etiladi va ularga mazkur bosqich uchun maksimal ball beriladi.

Qo‘shma ta’lim dasturlari asosida o‘qishga qabul qilish natijalarini tasdiqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tashkiloti tomonidan xorijiy hamkor oliy ta’lim tashkiloti bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Qo‘shma ta’lim dasturlari asosida oliy ta’lim tashkilotlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga xorijiy hamkor oliy ta’lim tashkiloti joylashgan davlatda tan olinadigan hamda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tashkilotining davlat namunasidagi diplomi taqdim etiladi.