Oliygoh.uz Aniq maqsad - g'alabaga yetaklaydi.

Abituriyentlarni to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish, o‘qish uchun to‘lov tartibi va miqdori

25-may 14:09
189
Abituriyentlarni to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish, o‘qish uchun to‘lov tartibi va miqdori

Abituriyentlarni to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalari doirasida yagona qabul qoidalari asosida kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon)ning ballar reytingi bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat komissiyasi tomonidan abituriyentlarni to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin oliy taʼlim muassasasi bilan yuridik yoki jismoniy shaxslar o‘rtasida belgilangan tartibda kontraktlar rasmiylashtiriladi.

Belgilangan namunadagi kontrakt blankalari oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan abituriyentlarning oliy taʼlim muassasalariga talabalikka tavsiya etilganligi eʼlon qilingan kundan boshlab beriladi va yuridik shaxslar uchun rahbar va bosh buxgalter tomonidan imzolangan holda 3 nusxada, jismoniy shaxslar uchun 2 nusxada rasmiylashtiriladi.

Davlat komissiyasi tomonidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar uchun to‘lov har yili kontrakt shartlarida ko‘rsatilgan muddatlarda amalga oshiriladi.

Kontrakt shartlari va tomonlarning majburiyatlari, ularning amalga oshirilishi tartibi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Oliy taʼlim muassasalarining takliflariga muvofiq, ularning imkoniyatlari, tanlov va to‘plangan ballar miqdoridan kelib chiqib, Davlat komissiyasi qarori asosida abituriyentlar to‘lov-kontrakt bo‘yicha belgilangan kvotadan tashqari qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilinishi (keyingi o‘rinlarda qo‘shimcha qabul deb ataladi) mumkin.

Qo‘shimcha qabulni amalga oshirish takliflari oliy taʼlim muassasalari tomonidan bo‘ysunuvi bo‘yicha vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda 15 oktyabrga qadar Davlat komissiyasiga kiritiladi.

Davlat komissiyasi oliy taʼlim muassasalarining imkoniyati, tanlov va to‘plangan ballar miqdoridan kelib chiqib, oshirilgan to‘lov-kontrakt sharti bilan abituriyentlarni qo‘shimcha qabul qilish ko‘rsatkichlari yuzasidan 20 oktyabrga qadar qaror qabul qiladi.

Bunda:

  • ballar ketma ketligi bo‘yicha ro‘yxatdagi oldingi abituriyent qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni arizasi bilan rad etgan holda yoki kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) natijalari eʼlon qilingan kunidan boshlab bir oy muddatda ariza bermaganda ro‘yxatdagi keyingi abituriyent qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etiladi;
  • qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish oliy taʼlim muassasasining bo‘ysunuvi bo‘yicha vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holdagi takliflariga (qabul ko‘rsatkichlari bo‘yicha) binoan Davlat komissiyasi qarori asosida oliy taʼlim muassasalarining imkoniyati inobatga olinib amalga oshiriladi.

Oliy taʼlim muassasalari qo‘shimcha qabulni Davlat komissiyasi qarori bilan belgilangan ko‘rsatkichlarga muvofiq to‘plagan ballari Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan minimal balldan kam bo‘lmagan va asosiy qabul chegaralariga 4 ballgacha yetmagan abituriyentlar orasidan ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilingan holda amalga oshiradilar.

Oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdori amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

  • to‘plagan ballari tasdiqlangan to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kvotalari chegarasiga bir ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — 1,5 barobar;
  • 1,1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,0 barobar;
  • 2,1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,5 barobar;
  • 3,1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun — 3,0 barobar.

Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda ushbu miqdorlar bo‘yicha to‘lov-kontrakt shartlari birinchi o‘quv yili uchun to‘liq bajarilgandan so‘ng abituriyent oliy taʼlim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan o‘qishga qabul qilinadi.

Kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon)da to‘plagan natijalari Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan minimal balldan kam bo‘lmagan, asosiy kvotalar doirasida va Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan qo‘shimcha o‘rinlarga qabul qilinmay qolgan va o‘qish istagini bildirgan abituriyentlarga birinchi o‘quv yiliga amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan 10 barobar va undan ortiq oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdorida to‘lovni amalga oshirish sharti bilan o‘qishga kirish huquqi beriladi.

Kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) natijalariga ko‘ra Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan minimal balldan kam ball to‘plagan abituriyentlarga birinchi o‘quv yiliga amaldagi oshirilgan to‘lov-kontraktning taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan eng yuqori miqdorining 2 barobariga teng to‘lovni amalga oshirish sharti bilan o‘qishga kirish huquqi beriladi.

Test sinovlari natijasi bo‘yicha yetarli ball to‘plamagan va oshirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan barcha abituriyentlar uchun oshirilgan to‘lov-kontraktning miqdori (barobari) kam bo‘lgan taʼlim yo‘nalishini tanlash imkoniyati beriladi. Bunda, abituriyent test topshirgan fanlar majmuasining (fanlarning blokdagi o‘rni) mosligi bilan birgalikda uning doimiy yashash joyi yoki hujjat topshirgan oliy taʼlim muassasasi joylashgan hudud mezon etib belgilanadi.

Oshirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan abituriyent Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda to‘lov-kontrakt shartlarini birinchi o‘quv yili uchun to‘liq bajargandan so‘ng oliy taʼlim muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan o‘qishga qabul qilinadi.

Oliy taʼlim muassasalari qo‘shimcha oshirilgan to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan abituriyentlar haqida maʼlumotni Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi hamda Davlat test markaziga 1 noyabrga qadar taqdim etadilar.

Respublika oliy taʼlim muassasalariga qo‘shimcha qabul qilingan talabalar birinchi o‘quv yilini tugatgandan so‘ng keyingi o‘quv yilidan boshlab amalda o‘rnatilgan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdori asosida o‘qishini davom ettiradilar.