Oliygoh.uz Aniq maqsad - g'alabaga yetaklaydi.

Buxoroda Belgiyaning “United Brussels Institutes” instituti bilan hamkorlikda Xalqaro fakultet ochiladi

09-iyul 14:21
1976
Buxoroda Belgiyaning “United Brussels Institutes” instituti bilan hamkorlikda Xalqaro fakultet ochiladi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchixonasi vakillari Belgiyaning “United Brussels Institutes” (UBI) instituti rahbariyati bilan onlayn muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralarda Belgiya tomonidan UBI instituti boshqaruvchi direktori J.Lim, amaliyot direktori L.Kazda va biznes maktab dekani, hamyurtimiz M.Aminova ishtirok etdi.

O‘zbekiston delegatsiyasiga oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari U.Begimqulov boshchilik qildi. Tadbirda Buxoro davlat universiteti rektori O.Hamidov va ushbu universitet o‘qituvchilari ham qatnashdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad – Buxoro davlat universiteti qoshida tashkil etiladigan Xalqaro fakultet faoliyatini tashkil qilish masalalarini muhokama qilishdan iborat. Qayd etilishicha, UBI bilan hamkorlikda tashkil qilinadigan ushbu fakultetda qator xorijiy universitetlar o‘qituvchilari dars beradi.

Belgiya tomoniga O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi, 2030 yilgacha sohani rivojlantirish konsepsiyasining asosiy tamoyillari, yoshlarning oliy ta’limda qamrab olinish darajasi, universitetlar soni, shu qatorda xorijiy ta’lim muassasalari filiallari haqida ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlanganidek, hukumat O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlari uchun o‘ziga xos ta’lim markaziga aylantirish, chet el universitetlarini jalb qilishda zarur sharoitni yaratish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda.

UBI boshqaruvchi direktori J.Lim Belgiya tomoni Buxoro davlat universiteti bilan hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqishga va u bilan bog‘liq barcha masalalarni hal qilishga tayyorligini ta’kidladi.

O‘z navbatida, UBI Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish uchun katta istiqbolga ega ekani qayd etildi.

O‘z navbatida, UBI talabalar almashinuvi va O‘zbekistondagi hamkor universitetlar bilan birgalikda o‘quv kurslarini tashkil etish orqali mamlakatdagi ishtirokini kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.

Tadbir yakunida hamkorlikni o‘rnatish masalalarini muhokama qilishni davom ettirish, kelgusidagi qadamlar uchun huquqiy asosni yaratish uchun tegishli memorandumni imkon qadar tezroq imzolashga kelishib olindi.

UBI 1992 yil aprel oyida Bryusselda notijorat oliy o‘quv yurti sifatida tashkil etilgan. Belgiyada Britaniyaning Middleseks universiteti tomonidan bakalavriat va magistratura yo‘nalishida tasdiqlangan dasturlarni taklif qilgan birinchi ingliz tilidagi biznes maktabdir. Universitetda dunyoning 50 mamlakatidan kelgan talabalar tahsil oladi va ularga UBI hamda Middleseks oliy o‘quv yurtlari diplomlari beriladi.