Oliygoh.uz Aniq maqsad - g'alabaga yetaklaydi.

Onlayn-ta’limning 7 ta afzal jihati

29-iyun 12:04
755
Onlayn-ta’limning 7 ta afzal jihati

Bugun butun dunyo onlayn-ta’limni joriy etish muammosi bilan to‘qnashdi. Koronavirus pandemiyasi sabab maktab o‘quvchilaridan to universitet talabalarigacha masofaviy ta’lim olmoqda. Buni kimdir xursandchilik bilan, kimdir tanqidiy nazar bilan qarshi oldi. To‘g‘ri, onlayn-ta’limning ba’zi kamchiliklari mavjud, ammo bugun uning afzalliklari haqida gaplasha qolaylik.

Vaqt borasida qulaylik

Onlayn-kurslarni bandligingizga mutanosib tarzda tanlashingiz mumkin. Istalgan joyda, istalgan vaqtda shug‘ullana olasiz. Deyarli hamma ta’limiy onlayn-platformalar mobil qurilmalarda ishlaydi. Qulay kiyimda, bir finjon qahva bilan ma’ruza tinglay olasiz. Yo‘lga vaqt sarflash kerak emas. Bunday mayda narsalar ortiqcha zo‘riqishdan asraydi. Bundan ortgan vaqt va kuchingizni boshqa foydali va qiziqarli narsalarga sarflashingiz mumkin.

Sifat borasida qolishmaydi

Tadqiqotlarga ko‘ra, onlayn-ta’lim ko‘pgina ko‘rsatkichlarga ko‘ra an’anaviy ta’limdan sifat borasida qolishmaydi. Amerika universitetlari o‘qituvchilarining 77 foizi onlayn-ta’limni sifat jihatdan an’anaviy ta’lim bilan teng, ba’zida esa undan ustun deb hisoblashadi. Kursning samaradorligi asosan tinglovchiga bog‘liq: masofaviy ta’lim ko‘proq intizom va shaxsiy nazorat talab qiladi.

Turli qulay vositalar: prezentatsiyalar, testlar, videolar, chat, ekran namoyishi va darsni qayta-qayta ko‘ra olish imkoniyati ta’limning yuqori samaradorligini ta’minlaydi.
Onlayn ta’lim tashkilotchilari ma’ruza yoki mahorat-darslariga turli shaharlar va mamlakatlardan o‘qituvchilar va professionallarni taklif qilishi mumkin. Bu esa ta’lim hamda diplom obro‘si va sifatini oshiradi.

Qiziqarli va quvnoq

Onlayn-ta’lim vositalari darsni qiziqarli qilishga yordam beradi. Ayniqsa, aniq fanlar uchun qo‘llash qulay. Interaktiv mashg‘ulotlar, o‘yin usuli, yutuqlar va musobaqalar o‘quvchilarni ta’lim jarayoniga sho‘ng‘ishiga olib keladi. Bundan tashqari, onlayn-darslardagi muloqot u qadar rasmiy emas, o‘quvchi o‘zini qulay his qiladi va kamroq stress his qiladi, bu ayniqsa, testlar va nazorat ishlarida muhim.

Arzon
Ota-onalarning hammasi farzandini o‘qitishni xohlaydi, biroq har kim ham obro‘li maktabga yuborolmaydi yoki xususiy darslar uchun to‘lov qilolmaydi. Guruhiy onlayn mashg‘ulotlar qimmat repetitor xizmatlari o‘rnini bosishi mumkin.

Hamma uchun mos va qulay

Onlayn-ta’lim har kimga o‘qish imkonini beradi. Ba’zilar kasallik, xizmat safarlari, tug‘ruq yoki uyining cheka joydaligi, jismoniy nuqsonlari tufayli maktab, universitet va kurslarga qatnay olmasligi mumkin. Bunday hollarda internet orqali ham yaxshi ta’lim olish, yangi kasbni va zarur ko‘nikmalarni egallash mumkin.

Ta’lim demokratizatsiyasi
Yaxshi ta’limiy platformalar butun dunyo bo‘ylab millionlab o‘quvchilarni o‘qitish imkonini beradi. Sinfda joy qolmagani haqida umuman gap bo‘lmaydi. Bitta guruh shakllangan bo‘lsa ham, yangisini topish muammo emas.

Tenglik

Irqi, dini, jinsi, millati, yoshi, kiyinishi, tashqi ko‘rinishiga ko‘ra talabalar o‘rtasida diskriminizatsiyaning mavjud emasligi masofaviy ta’limning yana bir afzalliklaridan biridir. Hamma ishtirokchilar teng qatnasha oladi. Juda ko‘p gapiradigan, boshqalarga so‘z bermaydigan talaba bo‘lmaydi. Ayniqsa, introvertlar va materialni tushunishga ko‘p vaqt sarflaydigan o‘quvchilarga onlayn darslar juda ma’qul keladi.

Sarvinoz Omonova tayyorladi