Oliygoh.uz Aniq maqsad - g'alabaga yetaklaydi.

AQSh elchixonasidagi viza suhbatidan qanday muvaffaqiyatli o‘tish mumkin?

03-iyul 13:11
184
AQSh elchixonasidagi viza suhbatidan qanday muvaffaqiyatli o‘tish mumkin?

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblumga o‘zbekistonlik jurnalistlar, "nega AQShga borishni istagan o‘zbekistonliklarning aksariyatiga viza berilmaydi?" deb savol beribdi.

Darhaqiqat, statistik ma’lumotlarga qarasak, viza olish uchun ariza topshirgan o‘zbekistonliklarning 70 foizga yaqini rad javobini olar ekan. Bu sobiq sovet davlatlari orasida eng katta ko‘rsatkich.

Elchi bu savolga shunday javob bergan:

"Men viza berish jarayoniga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashmayman, bu bilan shug‘ullanadigan alohida bo‘lim bor. Lekin bilamanki, O‘zbekistondan Amerikaga viza bilan borganlar orasida belgilangan muddatdan ko‘ra ko‘proq qolib ketadiganlar miqdori ancha ko‘p. Shu bois biz har bir arizachini diqqat bilan tekshiramiz".

Xullas, elchi aytmoqchiki, O‘zbekistondan AQShga borganlar orasida noqonuniy qolib ketayotganlar ko‘p. Shu bois ularga viza berishni ancha cheklab qo‘yishgan, deb yozmoqda Behzod Mamadiyev.

Darhaqiqat, bu gaplarda jon bor. O‘qish yoki sayyohlik uchun kelganlar orasida bu yerda qolib ishlayotgan, pul topayotganlar va hatto noqonuniy yashab kelayotganlar oz emas. Aslida sayyohlik vizasi AQShda ishlash huquqini bermaydi.

O‘zbekistondagi iqtisodiy qiyinchiliklar aholining katta qismini mehnat migrantiga aylantirgan va ular AQShga kelayotganlar orasida ham ko‘p. Shu bois AQSh viza berishni yanada qiyinlashtirib qo‘ygan. Buning natijasida AQShga haqli asos bilan, ya’ni o‘qish uchun yoki sayyoh sifatida kelishni istayotganlarning arizalari ham ko‘pincha rad javobini olmoqda.

Viza uchun elchixonaga kirganda suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tish uchun nima qilish kerak, deb mendan ko‘p so‘rashadi. Afsuski, bu savolning oson javobi yo‘q. Yuqorida elchi aytgan ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lgani uchun, konsul suhbatga kirgan har bir arizachini potensial immigrant, ya’ni AQShda doimiy qolib ketadigan shaxs sifatida ko‘radi. Qolib ketish yoki ishlab pul topish uchun emas, balki haqiqatdan ham o‘qishga yoki sayohat qilishga borayotganingizni isbotlab berish mas’uliyati sizning zimmangizga bo‘ladi. Agar siz ularni shunga ishontira olmasangiz, avtomatik ravishda rad javobini olasiz.

Albatta, bu gaplarim viza olishga yordam beradigan ma’lumot emas, balki viza nega rad qilinayotganiga berilgan bir izoh, xolos.

Suhbatga kirayotganlarga nima maslahat bera olaman?

Samimiy bo‘ling, yolg‘on gapirmang. Hayajonlanmang, asabiylashmang. Jilmaying, xo‘mraymang. Joiz bo‘lsa, konsul bilan hazillashing. O‘zingizni erkin tuting. Konsulda sizga nisbatan simpatiya, ijobiy fikr uyg‘onsin.

Konsul har bir suhbatdosh uchun bor-yo‘g‘i 2-3 daqiqa vaqt sarflaydi. Ularga har kuni kiradigan arizachilarning 60-70 fozini rad etish vazifasi qo‘yilgan bo‘lishi mumkin. Siz shunday taassurot qoldiringki, sizni viza beriladigan 20-30 foiz odam orasiga qo‘shib yuborsin.

Albatta, bular qolgan hamma hujjatlaringiz joyida bo‘lgandagina ishlaydi. Demak, kerakli hamma hujjatlarni tayyorlang va yuqoridagi maslahatlarga amal qiling. Bor-yo‘g‘i shu. Uyog‘i omadga bog‘liq.

Amalda haqiqatdan ham viza olish, ko‘pincha, omadga yoki konsulning kayfiyatiga bog‘liq. Sizga omad yor bo‘lsin!

AQShga kelsangiz, xabar bering. Ko‘rishamiz. 😉