Oliygoh.uz Aniq maqsad - g'alabaga yetaklaydi.

Dunyo standartiga tushunmaydigan vazirlik. Maqsad xalqni "shilishmi?"

02-avgust 16:53
1169
Dunyo standartiga tushunmaydigan vazirlik. Maqsad xalqni

Butun Dunyoda onlayn va oflayn ta’lim narxlari keskin farq qiladi. Lekin O‘zbekistonda emas! Qariyb besh oydan beri ta’lim tizimida, xususan Oliy ta’lim tizimida ham onlayn ta’limga o‘tishga majbur bo‘ldik. Bu barcha uchun kutilmaganda, favqulodda bir og‘ir vaziyatda yuz berdi. Qariyb 5 oy bo‘ldi! Bu kichik muddat emas.

Karantingacha bo‘lgan davrda butun dunyo masofaviy ta’limni tan olgan edi va hatto dunyoning eng nufuzli universitetlarida ham. Bizda esa uzoq yillar davomida masofaviy ta’limdan qo‘rqib kelindi, tan olinmadi. Karantingacha bo‘lgan vaqt davomida masofaviy ta’limga o‘tish bo‘yicha deyarli harakat qilinmadi. Endi buning badali qimmat bo‘ladi. Lekin nega bu badalni oddiy xalq, talabalar va ularning ota-onasi to‘lashi kerak?

Shu bilan birgalikda, o‘tgan 5 oylik karantin davomida vazirlik kontrakt narxlarini, amaldagi masofaviy ta’lim tizimiga moslab qayta ko‘rib chiqishni istamayabdi. Nega? Karantin sabab eski o‘quv yilining deyarli yarmini masofaviy tamomlashdi. Yangi o‘quv yilini ham masofaviy boshlash rejalashtirilmoqda. Shunday ekan, to‘lov-kontrakt narxlarini tushirish uchun yetarlicha asos va faktlar mavjud.

Eslatib o‘tamiz, masofaviy ta’lim talaba va OTM o‘rtasida tuzilgan to‘lov-kotrakt shartnomasiga zid hisoblanadi!

Oliy ta’lim vazirligi uchun bir qancha savollarimiz bor:

- Bizda Kontrakt miqdorlari qaysi bir mezon asosida ishlab chiqilgan? va hozirda amalda bo‘lgan tizimga javob beradimi?

- Dunyo mamlakatlari ta’lim tizimida kontrakt narxlari tushayotgan bir paytda, nega bizda kontrakt narxlari o‘zgarishsiz qoladi?!

- Nega vazirlik aholining bu boradagi fikrlarini inobatga olmaydi?

- Kontrakt miqdorlarini belgilashda, uni oshirishda yoki o‘zgarishsiz qoldirishda amaldagi Qonun hujjatlariga ko‘ra, vazirlikda vakolat bormi?

Hozirda mavjud bo‘lib turgan vaziyatni anglab turgan hukumatimiz va boshqa mas’ullardan aynan kontrakt masalasini tushurish bo‘yicha qandaydir o‘zgarish qilishlaridan umidvormiz. Deputatlarimiz ham jim qarab, tomoshabin bo‘lib, qarsak chalib turishmaydi degan yaxshi gumondamiz.

So‘zimiz yakunida shuni eslatib o‘tmoqchimiz, agar ta’lim tizimi faqatgina pul ishlashga o‘tsa, davlat o‘z ijtimoiy majburiyatlaridan chekinsa, faqatgina boylarning bolalari o‘qiydi, tabaqalanish avjiga chiqadi va ijtimoiy bo‘hronlar yuzaga keladi.

Og‘ir kunlarda xalqqa og‘irlik emas, yengillik yaratish lozim.

  • Oliygoh.uz jamoasi