Oliygoh.uz Aniq maqsad - g'alabaga yetaklaydi.

Talabalarga stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibi

26-dekabr 16:48
Talabalarga stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibi

Talabalarga stipendiyalar tayinlash va to‘lash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Talabalarga stipendiya tayinlashda davlat granti, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalar hamda I va II guruh nogironligi bor talabalar uchun alohida tartib amal qiladi.

Davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalar:

➖ Birinchi kursning 1-semestrida stipendiyaning bazaviy miqdori to‘lanadi;

➖ Keyingi semestrdan boshlab oldingi semestr natijalariga qarab quyidagi tartibda stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi:

➖ Barcha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichi a’lo bo‘lgan talabalarga stipendiyaning bazaviy miqdori 20%ga oshirilgan holatda to‘lanadi;

➖ Umumiy fanlarining 30% va undan ortiq qismini qoniqarli o‘zlashtirgan, ya’ni 71 balldan kam to‘plagan talabalarga stipendiya tayinlanmaydi. To‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi hamda 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan talabalar bundan mustasno;

➖ Davlat granti asosida ta’lim olayotgan qolgan barcha talabalarga stipendiyaning bazaviy miqdori to‘lanadi.

To‘lov kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga quyidagi tartibda stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi:

➖ Kontrakt asosida o‘qiyotganlar stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda o‘qishi mumkin;

➖ Kontraktdagilarga o‘zlashtirish ko‘rsatkichidan qat’iy nazar stipendiyaning bazaviy miqdori to‘lanadi.

➖ Stipendiya tegishli tartibda belgilangan kontrakt summasi to‘langanidan so‘ng tayinlanadi va to‘lanadi.

I va II guruh nogironligi bor talabalar uchun quyidagi tartibda stipendiya to‘lanadi:

➖ I va II guruh nogironligi bor talabalar grant yoki kontraktda o‘qishidan qat’iy nazar stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 50%ga yuqori miqdorda stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi;

➖ To‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalarga stipendiyaning bazaviy miqdorida stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi.

O‘zbekiston Respublikasi OTMlari talabalari uchun stipendiyalar miqdori quyidagicha (so‘mda):

• O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi - 1.811.191;

• Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy, Islom Karimov va Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyalari - 1.207.461;

• A’lo bahoga o‘zlashtirgan davlat granti va stipendiyali kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalar uchun - 513.600;

• Davlat granti va to‘lov-kontrakt asosidagi talabalar uchun - 428.000;

• I va II guruh nogironligi bor talabalar uchun - 632.000;

Stipendiyaning bazaviy miqdori summasi 428.000 so‘mni tashkil qiladi.

Siz o‘zingiz olishingiz lozim bo‘lgan stipendiyani shu miqdordan kelib chiqib, yuqorida belgilangan qoidalar asosida hisoblab chiqarishingiz mumkin. Mazkur miqdor stipendiyalarni oshirish haqida Prezident farmoni qabul qilinganida o‘zgaradi.