Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Xorijiy oliy taʼlim muassasasi diplomi Oʻzbekistonda tan olinishi uchun nimalarga eʼtibor qaratish kerak?

7.12.2021 18:28
Xorijiy oliy taʼlim muassasasi diplomi Oʻzbekistonda tan olinishi uchun nimalarga eʼtibor qaratish kerak?

Xorijiy oliy taʼlim muassasasi diplomi Oʻzbekistonda tan olinishi uchun nimalarga eʼtibor qaratish kerak?

Savol: Menga konsalting firma vakillari xorijiy universitetlarga hech qanday imtihonsiz, faqat pul toʻlagan holda masofaviy yoki sirtqi oʻqishni taklif etishmoqda. Firma vakillari birinchi kursdan soʻng hech qanday imtihonsiz oʻqishni Oʻzbekistonga koʻchirishim mumkinligi yoki oʻqishni tugatgach diplomim Oʻzbekistonda imtihonsiz tan olinishini taʼkidlashmoqda. Ularni gapiga ishonsam boʻladimi?

Hozirgi paytda ayrim jismoniy shaxslar hamda konsalting xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirish uchun hujjatlarni topshirish boʻyicha yoshlarimiz orasida targʻibot tashviqot ishlarini olib borishmoqda.

Sizga taklif etilayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkiloti diplomi Oʻzbekistonda tan olinishini uchun quyidagilarga eʼtibor qarating:

Avvalo, oliy taʼlim muassasasi sifatida faoliyat yuritishga ruxsat beruvchi hujjati (litsenziyasi) bor-yoʻqligini tekshirish lozim.

Keyingi eng muhim talab esa taʼlim muassasasi berayotgan hujjat yaʼni diplom oʻzi joylashgan mamlakat hududida tan olinishi bilan bogʻliq. Buning uchun esa oliy taʼlim muassasasi va uning taʼlim dasturlari vakolatli organlar tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilganini tekshirib koʻring.

Bundan tashqari, talabgor tanlagan OTMning oʻqitish shakli va taʼlim dasturlari Oʻzbekiston qonunchiligiga mos kelishini oʻrganishi kerak. Masalan, amaldagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, bakalavriat kamida 4 yil, sirtqi taʼlim kamida 5 yil, magistratura esa kamida 2 yil muddat qilib belgilangan.

Shuningdek, pandemiya sababli yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayonlari masofaviy shaklda tashkil etilgani niqobi ostida koʻplab konsalting tashkilotlari oʻz reklamalarida “diplomi Oʻzbekistonda toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinadi” kabi asoslanmagan maʼlumotlar bilan masofadan taʼlim beradigan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini targʻibot qilishmoqda.

Bu esa respublikamiz fuqarolariga notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilishiga va mazkur tarzda oʻqib olingan hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasida bugungi kunda amaldagi qonunchilikka muvofiq tan olinmasligiga olib keladi hamda fuqarolarning eʼtirozlariga sabab boʻladi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Yuqoridagi tavsiyalarga asosan Sizga taklif qilinayotgan oliygoh haqidagi maʼlumotlarni yaxshilab oʻrganib keyin qaror qabul qiling.

Oʻzingiz va farzandlaringiz umrini va mablagʻlaringizni besamar sarflamang.