Homilador yoki 3 yoshgacha farzandi bor talabalarga oliy ta’limda “ikkinchi imkoniyat” beriladi
O‘zbekistonda oliy ta’lim tashkilotlari milliy reytingi: yangi tartib tasdiqlandi
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktorining buyrug‘i bilan 2026-yil 28-fevralda (ro‘yxat raqami 3783) Oliy ta’lim tashkilotlari milliy reytingini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Ushbu yangi tartib oliy ta’lim muassasalarining faoliyatini baholash, ta’lim sifati va ilmiy faoliyat darajasini aniqlash hamda ularning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.
Yangi tizim orqali universitetlar ilmiy, akademik, xalqaro hamkorlik va bitiruvchilarning bandligi kabi ko‘plab mezonlar asosida baholanadi.
Milliy reytingda qaysi oliy ta’lim tashkilotlari ishtirok etadi?
Yangi tartibga ko‘ra, milliy reytingda quyidagi talablarga javob beradigan oliy ta’lim tashkilotlari ishtirok etadi:
-
Tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar tashkil etilganiga kamida 3 yil bo‘lgan bo‘lishi kerak
-
Bitiruvchilarga ega bo‘lishi lozim
Shu bilan birga, quyidagi muassasalar reytingdan mustasno hisoblanadi:
-
oliy harbiy va harbiylashtirilgan oliy ta’lim muassasalari
-
ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim tashkilotlari
-
ilmiy-tadqiqot muassasalari
Xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinda bo‘lgan OTMlar uchun alohida reyting
Agar universitetlar xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinni egallagan bo‘lsa, ular uchun alohida milliy reyting yuritilishi mumkin.
Bunda quyidagi xalqaro reytinglar asos qilib olinadi:
-
Quacquarelli Symonds (QS)
-
Times Higher Education (THE)
Agar oliy ta’lim tashkiloti ushbu reytinglarda O‘zbekiston bo‘yicha eng yuqori o‘rinni egallagan bo‘lsa, milliy reytingda ham shunga mos tartibda baholanadi.
Milliy reyting ma’lumotlari qanday shakllantiriladi?
Milliy reyting natijalari maxsus elektron platforma orqali shakllantiriladi. Ushbu platformaga quyidagi manbalardan ma’lumotlar kiritiladi:
-
vazirlik va idoralar axborot tizimlari
-
oliy ta’lim tashkilotlarining rasmiy ma’lumotlari
-
xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalari
Shuningdek, platformada barcha ma’lumotlarning manbasi va verifikatsiya usullari ko‘rsatilishi shart.
OTMlar ma’lumotlarni qachongacha kiritishi kerak?
Oliy ta’lim tashkilotlari o‘z faoliyatiga oid ma’lumotlarni har yili 1-fevralga qadar maxsus platformaga kiritishi lozim.
Agar ma’lumotlar belgilangan muddatda kiritilmasa:
-
ular milliy reytingni shakllantirishda hisobga olinmaydi
-
kiritilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi va ishonchliligi uchun OTM rahbari shaxsan javobgar bo‘ladi
OTMlar tomonidan kiritiladigan asosiy ma’lumotlar
Ta’lim tashkilotlari quyidagi ma’lumotlarni platformaga ixtiyoriy ravishda kiritishi mumkin:
Professor-o‘qituvchilar faoliyatiga oid ma’lumotlar
-
Scopus bazasidagi ID raqamlari
-
ilmiy darajalar va xalqaro diplomlar
-
xorijiy professor-o‘qituvchilar ishtiroki
Xalqaro hamkorlik va ilmiy loyihalar
-
xalqaro va mahalliy tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar
-
ushbu shartnomalar bo‘yicha kelib tushgan mablag‘lar
Akademik almashinuv dasturlari
-
xorijiy almashinuv dasturlarida qatnashgan talabalar
-
professor-o‘qituvchilarning akademik mobilligi
-
hamkor universitetlar xodimlari haqida ma’lumotlar
Umummilliy so‘rovnoma qanday o‘tkaziladi?
Milliy reytingni aniqlash jarayonida umummilliy so‘rovnoma ham o‘tkaziladi.
So‘rovnoma quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
-
talabalarga yaratilgan sharoitlar
-
ta’lim sifatidan qoniqish darajasi
-
professor-o‘qituvchilar uchun sharoitlar
-
bitiruvchilarning ish beruvchilar orasidagi nufuzi
-
ta’lim jarayonining raqamlashtirilishi
So‘rovnomada kimlar ishtirok etadi?
So‘rovnomada quyidagilar qatnashishi mumkin:
-
bakalavriat va magistratura talabalari
-
professor-o‘qituvchilar
-
bitiruvchilarni ishga qabul qilgan ish beruvchilar
Natijalar hisobga olinishi uchun kamida 20% talabalar va o‘qituvchilar ishtirok etishi kerak.
Oliy ta’lim tashkilotlari qanday toifalarga ajratiladi?
Milliy reytingda oliy ta’lim tashkilotlari quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha alohida baholanadi:
-
ijtimoiy-gumanitar fanlar
-
amaliy fanlar
-
tibbiyot fanlari
-
ijod va sport yo‘nalishlari
Bu yondashuv turli yo‘nalishdagi universitetlarni adolatli baholash imkonini beradi.
Milliy reyting mezonlari va baholash tizimi
Oliy ta’lim tashkilotlari 4 asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholanadi:
1. Akademik faoliyat
-
ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilar ulushi
-
professor-o‘qituvchilar sonining talabalar soniga nisbati
-
talabalarga yaratilgan sharoitlar
-
ta’lim sifatidan qoniqish darajasi
2. Ilmiy faoliyat
-
Scopus bazasida chop etilgan ilmiy maqolalar
-
iqtiboslik ko‘rsatkichlari
-
professor-o‘qituvchilarning h-index ko‘rsatkichi
-
patentlar va ilmiy ishlanmalar
3. Xalqaro faoliyat
-
xalqaro reputatsiya
-
xorijiy talabalar ulushi
-
akademik mobillik dasturlari
-
qo‘shma ta’lim dasturlari samaradorligi
4. Bitiruvchilar va raqamlashtirish
-
bitiruvchilarning ishga joylashishi
-
bitiruvchilarning o‘rtacha daromadi
-
ish beruvchilar orasidagi nufuzi
-
ta’lim va boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish