Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Maktab sport zalida pullik to‘garak ochish mumkinmi?

06-mart 10:39
Maktab sport zalida pullik to‘garak ochish mumkinmi?

Savol

Maktab direktoriman. Yaqinda mahallamizda yashovchi sport treneri kelib, maktab sport zalida pullik boks to‘garagi ochsak bo‘ladimi deb murojaat qildi. Ochig‘i buning tartibini bilmasdim. O‘zi maktab sport zalida pullik to‘garak ochsak noqoniniy ish qilgan bo‘lib qolmaymizmi?

Javob

Ta’lim muassasalarining sport inshootlarida pullik xizmat ko‘rsatuvchi sport to‘garaklarini ochish mumkin. Bu Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-fevraldagi “Davlat ta’lim muassasalarining sport inshootlarida pullik xizmat ko‘rsatuvchi sport to‘garaklarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 78-son qarori bilan tartibga solinadi.

Ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq jismoniy tarbiya soatlaridan bo‘sh vaqtlarida sport inshootlarida trenerlar tomonidan aholiga, shu jumladan, o‘quvchi-yoshlar ko‘rsatiladigan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport xizmatlari pullik asosda amalga oshiriladi.

Sport inshootlarida pullik xizmatlar ko‘rsatganlik uchun to‘lovlar har oyda kelgusi oyning 10-sanasidan kechikmasdan shug‘ullanuvchilar va ta’lim muassasasi rahbari bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Sport inshootlarida har bir trener tomonidan birinchi navbatda ko‘rsatilgan pullik xizmatlar ko‘rsatilganligi uchun to‘langan to‘lov summasining 20 foizi ta’lim muassasasi tomonidan foydalanilgan sport inshootlarining kommunal to‘lovlari xarajatlariga yo‘naltiriladi hamda mablag‘larning qolgan qismi quyidagi tartibda taqsimlanadi:

50 foizi — sport inshootining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo‘naltiriladi;

50 foizi — trenerga belgilangan tartibda moddiy rag‘batlantirish sifatida to‘lab beriladi.

Sport inshootlarida bir vaqtning o‘zida ikki va undan ko‘p trenerlar pullik xizmat ko‘rsatgan taqdirda sport inshootlarining kommunal to‘lovlari miqdori har bir trenerga bir xil miqdorda taqsimlanadi.

Har bir trener tomonidan ko‘rsatilgan pullik xizmat uchun to‘lovlarning tushumi va ularga to‘langan to‘lovlar bo‘yicha alohida buxgalteriya hisobini yuritilishi tegishli ta’lim muassasasining buxgalteriyasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.