Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovida talabgorlarning 89,2 foizi talabni bajara olmagan

25.08.2023 14:30
O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovida talabgorlarning 89,2 foizi talabni bajara olmagan

Talabalar o‘qishini xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga ko‘chirish bo‘yicha o‘tkazilgan imtihonlarda jami 41 122 nafar talabgor ishtirok etdi.

Bunda alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar OTMlar tomonidan, test sinovlari esa Bilimni baholash agentligi tomonidan o‘tkazildi.

Joriy yilning iyul oyida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tish ballari tasdiqlangan bo‘lib, o‘qishni ko‘chirish uchun mazkur talabni bajarish lozim.

Test sinovida ishtirok etgan 41 122 nafar talabgorning 4 433 nafari (10,8 %) talabni bajargan bo‘lsa, 36 689 nafari (89,2 %) talabni bajara olmagan.

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlarida 41 122 nafar talabgordan 75 nafari test sinovi jarayonida tartib-qoidani buzgani uchun test sinovidan chetlatilgan. Bu OTMlarga kirish test sinovlariga nisbatan 11 baravar ko‘p (OTMlarga kirish test sinovlarida 888 660 nafar talabgordan 148 nafari chetlatilgan).

Hududga kirishda esa 78 nafar talabgor tartib-qoidani buzgani uchun jarayondan chetlatilgan. Bu OTMlarga kirish test sinovlariga nisbatan 25 baravar ko‘p (OTMlarga kirish test sinovlarida 67 nafar).