OTMlarga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar fosh etildi – DXX
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
OTMlarga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar fosh etildi – DXX
Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida OTMlarga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq bir nechta noqonuniy holatlar fosh etildi.
Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining mansabdor tanishlari orqali Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni IIV Akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 22 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda, Qarshi innovatsion ta’lim universiteti mutaxassisi 3 nafar fuqaroni Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filialiga mazkur oliy ta’lim muassasasidagi tanishlari orqali har birini 4 ming AQSH dollaridan, jami 12 ming AQSH dollari evaziga 2-kursdan o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u 11700 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda Chinoz tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan shaxs Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Toshkent davlat pedagogika universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Olmaliq shahar bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiyi o‘zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga Olmaliq shahrida yashovchi fuqarodan 3500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Urganch davlat universitetining fakultet dekani Gurlan tumanida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga kirib, uning qarindoshini mazkur oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishda bo‘ladigan ijodiy imtihonlardan o‘tkazib berish evaziga 2600 AQSH dollari va 2,5 mln. so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Boshqa holatda esa Urganch ixtisoslashtirilgan san’at maktabining bo‘lim boshlig‘i Bog‘ot tumanida yashovchi fuqaroga tanishlari yordamida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutiga o‘qishga kirishi uchun yo‘llanma olib berish va amaliy imtihonda ko‘maklashish evaziga 4 ming AQSH dollari talab qilgan. Ammo, u so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.