O‘zbekistonlik o‘quvchi qiz nemis tili bo‘yicha jahon olimpiadasi g‘olibi bo‘ldi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
O‘zbekistonlik o‘quvchi qiz nemis tili bo‘yicha jahon olimpiadasi g‘olibi bo‘ldi
Germaniyaning Gottingen shahrida nemis tili bo‘yicha jahon olimpiadasi g‘oliblari nomi e’lon qilindi. Unda 62 davlatdan o‘quvchilar bellashdi. 15—22-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan butunjahon olimpiadasida o‘zbekistonlik Rayona Ibrohimova, bangladeshlik Mahek Xon va shimoliy makedoniyalik Ana Kotevska birinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.
Gyote instituti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 16 yoshli Rayona Germaniyadagi universitetlardan birida nemisshunoslik yo‘nalishida tahsil olish va kelajakda tarjimonlik bilan shug‘ullanishni rejalashtirgan. Xalqaro tanlovning final bosqichiga chiqish uchun u boshqa ishtirokchilar singari milliy tanlovda g‘olib chiqishi kerak edi.
Gottingenda o‘quvchilar turli fanlar bo‘yicha bellashdilar. Hakamlar hay’ati nafaqat nemis tilini bilish darajasini, balki ijodkorlik, shuningdek, jamoada ishlash qobiliyatini ham baholadi.
Kumush va Bronza medallari Meksika, Italiya, Slovakiya, Polsha va Buyuk Britaniyadan tashrif buyurgan maktab o‘quvchilariga nasib etdi. Natijalar, Berlindagi Gyote Instituti tomonidan 22-iyul, dushanba kuni e’lon qilindi. Olimpiadaning final bosqichida 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 100 nafardan ortiq qatnashchilar ishtirok etdi.
Butunjahon nemis tili olimpiadasi har ikki yilda bir marta Germaniya shaharlaridan birida o‘tkaziladi. Tashkilotchi Gyote Instituti hisoblanadi. Tadbir Germaniyadan tashqaridagi maktablarda nemis tilini o‘rganishga qiziqishni oshirishga qaratilgan.