Yangi ilg‘or muhandislik maktabi O‘zbekistonda ochiladi
Abituriyentlar uchun onlayn testlar
➡️ DTM BLOK TESTLAR
O‘zbekistonda yuqori bilimli talabalarni tanlab olish orqali yangi Ilg‘or muhandislik maktabi tashkil etiladi. Bu maktabning asosiy maqsadi amaliyotga yo‘naltirilgan maxsus ta’lim dasturlari asosida zamonaviy muhandislar tayyorlashdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida oliy ta’lim sifatini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. 15-iyul kuni davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari, oliy ta’lim tizimida sifatni oshirish va xalqaro o‘quv dasturlarini tatbiq etishga oid hisobot bilan tanishildi. Shu kunlarda oliy ta’lim muassasalariga qabul imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda, unda 805 ming nafar abituriyent ishtirok etmoqda.
Mutasaddilar 2024/2025 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kadrlar tayyorlash davlat buyurtmasi rejasi bo‘yicha axborot berdi. Bu yil bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarida muhandislik, qurilish, tabiiy fanlar, matematika va axborot texnologiyalari yo‘nalishlariga kvotalar soni oshirilmoqda.
Yangi Ilg‘or muhandislik maktabi
Termiz muhandislik-texnologiya instituti va Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini yiriklashtirish orqali Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu samarali boshqaruv tizimini joriy etish, takrorlanuvchi fakultet va kafedralarni qisqartirish, ayrim shtat birliklarini maqbullashtirish imkonini beradi. Yangi universitetda Ilg‘or muhandislik maktabi tashkil etiladi. Unga bilimi yuqori talabalar tanlov asosida olinadi va amaliyotga yo‘naltirilgan maxsus ta’lim dasturlari asosida o‘qitiladi.
Sanoat hamkorlari va zamonaviy laboratoriyalar
Bu maktabning yo‘nalishlariga mos sanoat hamkorlari belgilanib, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi. Ularning takliflari asosida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Universitetning boshqaruv va o‘qituvchilik lavozimlariga xorijiy tajribaga ega, ilmiy va amaliy malakasi yuqori mutaxassislarni jalb etish, ularning ish samarasini xalqaro standartlar asosida baholash vazifalari qo‘yildi.
Prezidentning AQSHga tashrifi
Prezidentning 2023-yil sentyabr oyida AQSHga tashrifi chog‘ida ta’lim sohasi bo‘yicha ham kelishuvlarga erishilgan edi. Shunga muvofiq, Toshkent shahrida Amerika texnologiyalar universiteti ochilishi kutilmoqda. Uning faoliyati 2024/25 o‘quv yilidan boshlanadi. Universitetda muhandislik, arxitektura va dizayn, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va moliya, xalqaro munosabatlar sohalari uchun kadrlar tayyorlanadi. Bitiruvchilarga Arizona davlat universiteti yoki AQSHda tan olinadigan hamkor xorijiy universitetning diplomi beriladi.
Bu boradagi tashkiliy chora-tadbirlar va kelgusi maqsadlar belgilab olindi.