Abituriyent oldindan ballni naqd qilib olsa bo‘ladi – milliy sertifikat nima degani?
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Avvallari abituriyentlar uchun muhim sana 1 avgust edi. Shu bir kunning o‘zida kirish imtihonlariga oylab-yillab tayyorlangan abituriyentlar bilim darajasi aniqlanardi. Ayni damda bu vahimali sana allaqachon unutila boshlangan. Hozir abituriyentlar to kirish imtihonlari boshlangunga qadar asosiy fanlaridan bemalol maksimal ball to‘plab qo‘yib, imtihonga xotirjamgina kirishlari mumkin.
Foto: KUN.UZ
Buning uchun ular umumta’lim fanlaridan milliy sertifikat imtihonini topshirishlari kerak.
Milliy sertifikat nima?
Sertifikat – umumta’lim fanlari bo‘yicha, masalan, matematika bo‘yicha talabgorning bilimini aniqlab berish uchun mo‘ljallangan sinov.
Hozirgi paytgacha matematika, fizika, kimyo, biologiya, ona tili va adabiyot, rus tili, qoraqalpoq tili va adabiyoti bo‘yicha sertifikat imtihonlari o‘tkazildi. May oyida esa birinchi marta tarix va geografiya bo‘yicha ham imtihon o‘tkaziladi. Imtihonni Bilim va malakalarni baholash agentligi (sobiq DTM) o‘tkazadi. Hozirgacha sinovda tushadigan namunaviy savollar ham e’lon qilingan.
Test sinovi natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 3 yil muddatga amal qiluvchi sertifikat taqdim etiladi.
Mazkur sertifikatga ega abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga kirishda quyidagicha ballar beriladi:
- eng yuqori ballning 60 foizdan 85 foizigacha to‘plaganlarga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball;
- eng yuqori ballning 86 foizi va undan yuqori ball to‘plaganlarga ushbu fandan belgilangan maksimal ball;
- tegishli majburiy fanlar bo‘yicha belgilangan eng yuqori ball.
Majburiy fan uchun belgilangan maksimal ballni olish uchun talabgorning sertifikat balli 60 foizdan yuqori bo‘lsa yetarli.
Masalan, tibbiyot yo‘nalishiga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan abituriyent kimyo va biologiyadan sertifikat olib qo‘ygan bo‘lsa, kirish imtihonida asosiy blokdagi testlarni ishlab o‘tirmasdan faqat majburiy fanlardagi test topshiriqlarining o‘zinigina bajarishi mumkin.
Yoki iqtisod yo‘nalishiga hujjat topshirayotgan abituriyent imtihondan oldin matematikadan sertifikat olgan bo‘lsa va uning foizi 86 dan yuqori bo‘lsa, ham asosiy blokdagi, ham majburiy fanlar blokidagi matematikaga oid test savollaridan ozod bo‘ladi.
Lekin agar bordiyu abituriyentning sertifikat balli 86 foizdan past bo‘lsa, u OTMga hujjat topshirayotganda majburiy fanlar blokidagi matematika fanidan maksimal ballni qo‘lga kiritib, asosiy blokdagi matematika fanidan savollarni ishlash variantini tanlashi mumkin.
Savollar qanday tuziladi?
Milliy sertifikat uchun imtihon savollari davlat ta’lim standartlariga mos, o‘quv dasturlariga muvofiq tuzilishi kerak. Namunaviy savollar bilan Bilim va malakalarni baholash agentligi (sobiq DTM) saytida tanishish mumkin.
Sertifikat imtihonida tushadigan savollar kirish imtihonlaridagi savollardan farq qiladi. Masalan, ona tili va adabiyot fanidan o‘tkaziladigan imtihonda abituriyentlar esse yozishlari ham kerak bo‘ladi. Shuningdek, ularning mantiqiy fikrlash qobiliyatini tekshiradigan savollar ko‘proq.
Imtihonda qancha vaqt beriladi?
Milliy sertifikat imtihonida 35 ta yopiq va 10 ta ochiq turdagi (har biri A va B qismlarga ajratilgan) test topshirig‘i uchun 150 daqiqa (2 soat-u 30 daqiqa) vaqt beriladi. Ochiq turdagi test topshiriqlari 2 qismga ajratilgani uchun jami test topshiriqlari sonini 55 ta deb qaraydigan bo‘lsak, har bir test topshirig‘iga taxminan 2 daqiqayu 44 soniya to‘g‘ri keladi. Faqat ona tili va adabiyot fanidan esse yozish talab qilingani uchun topshiriqlarni bajarish uchun 3 soat vaqt ajratiladi.
To‘lovi bormi?
Sertifikat uchun 1,5 baravar BHM miqdorida – hozirgi kunda 450 ming so‘m to‘lov undiriladi. Lekin to‘lov qilib, imtihonda qatnashib, kerakli ball (60 foizdan yuqori) to‘play olmasdan sertifikat ola olmaslik ham mumkin. Ba’zi imtihonlardan, masalan, IELs imtihonidan farqli tarafi shunda. IELs imtihonida to‘plagan ballingizga qarab past ko‘rsatkichli bo‘lsa ham, sertifikat olish mumkin.
Javoblar 20 ish kunidan kechiktirmasdan e’lon qilinadi va imtihonda qatnashgan shaxs sertifikatini Bilim va malakalarni baholash agentligi saytidagi shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda yuklab olishi mumkin.
sertifikat namunasi
Bilim va malakalarni baholash agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2022 yil dekabrdan to hozirga qadar 6 345 nafar talabgor sertifikat imtihonini topshirgan va ularning 371 nafari 86 foizdan yuqori, ya’ni kirish imtihonida maksimal ball beradigan natijani to‘play olgan. Lekin sertifikat imtihonini topshiruvchilar faqat abituriyentlar emas, istalgan shaxs bo‘lishi mumkin. Ular orasida o‘qituvchilar ham bor.
Ma’lumot uchun: davlat OTMga kirishda 5 ta fandan imtihon olinadi. Asosiy fanlar blokida 2 ta, majburiy fanlar blokida esa 3 ta fan (ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi) bor.