B2 sertifikatiga ega boʻlmagan xorijiy til o‘qituvchilariga 2024/2025-o‘quv yili yakunigacha imkoniyat berildi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Maktablardagi B2 sertifikatiga ega boʻlmagan oʻqituvchilarga o‘quv yili yakunigacha imkoniyat berildi. Yangi ishga kirayotganlar-chi?
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev tomonidan imzolangan xatga ko‘ra, faoliyat yuritayotgan xorijiy til o‘qituvchilariga kamida B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi 2025/2026-o‘quv yiliga qadar uzaytirilgan (bu masala yuzasidan Vazirlar Mahkamasining roziligi olingan).
Shu sababli, 2024/2025-o‘quv yili oldidan B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lmagan maktablarda ishlayotgan xorijiy til o‘qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinmaydi. Ular belgilangan sertifikatlarni 2024/2025-o‘quv yili yakuniga qadar olishlari hududiy boshqarmalar tomonidan nazorat qilinadi.
Qonunchilikka ko‘ra, yangi ishga kirayotgan xodimlardan B2 darajadagi sertifikatlar talab etiladi. Sertifikatga ega bo‘lmagan kadrlar ishga olinmaydi.
2024/2025-oʻquv yiliga qadar barcha xorijiy til o‘qituvchilari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklarining qaroriga muvofiq (29.05.2024, №3515) B2 darajasiga ega bo‘lishi lozim bo‘lgan milliy yoki xalqaro sertifikatlar ro‘yxati e’lon qilindi.
Muhim! Quyidagi sertifikatlar 2021-yilda tasdiqlangan qaror bilan solishtirganda ro‘yxatdan chiqarib yuborilgan:
- APTIS for teachers
- Linguaskill
- Test of English for International Communication (TOEIC)
Agar o‘qituvchilar qaror kuchga kirgunga qadar (2024-yil 29-mayga qadar) ushbu sertifikatlarni olgan bo‘lsalar, ularning amal qilish muddati tugagunga qadar (muddati cheklanmagan sertifikatlar uchun uch yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt mobaynida) imtiyoz va ustamalar qo‘llaniladi.
Quyidagi sertifikatlar xorijiy tillarni bilish darajasini emas, balki malaka va ko‘nikmalarni aniqlash uchun qo‘llaniladi va shu sababli ro‘yxatga kiritilmagan:
- Teaching Knowledge Test (TKT)
- Teaching English for Speakers of Other Languages (TESOL)
- Teaching English as a Foreign Language (TEFL)
- Teaching English as a Second Language (TESL)
- Certificate in English Language Teaching to Adults (CELTA)
- Diploma in Teaching English to Speakers of Other Languages (DELTA)
Eslatma! 2024-yil 29-maydan keyin faqat yangi qarorda ko‘rsatib o‘tilgan sertifikatlar amal qiladi. Ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi vakolatli xalqaro tashkilotlarning rasmiy ro‘yxatidan o‘tgan test markazlariga tashrif buyurmasdan, masofadan (Remote, Home Edition va boshqa turlari) olingan sertifikatlarga imtiyoz va ustamalar qo‘llanilmaydi.