Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Maktablardagi ayrim lavozimlar qisqarishi mumkinmi?

05-aprel 17:56
Maktablardagi ayrim lavozimlar qisqarishi mumkinmi?

Umumta’lim muassasalaridagi ayrim lavozimlar qisqarishi mumkinligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqalmoqda. Qisqartirishlar qaysi normativ hujjatda taklif etilgani va u aynan qaysi vazirlik yoki idora tomonidan ishlab chiqilgani haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas.Bu masalada xalqtaliminfo.uz tahririyati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova bilan ham bog‘landi. Dilfuza Sobirova bu taklif vazirlik tomonidan tayyorlanmaganligini va bugungi kunda shtatlar qisqartirilishi bo‘yicha hech qanday me’yoriy hujjatlarga o‘zgartirish kiritilmaganligini ma’lum qildi. Demak, ushbu taklif boshqa bir vazirlik yoki idora tomonidan ilgari surilgan bo‘lishi mumkin.Ayni vaqtda ta’lim muassasalarida quyidagi lavozimlarni qisqartirish taklif etilgan:

  • Laborant lavozimi

Ushbu lavozimni qisqartirishga sabab qilib, ularning tegishli malaka toifasiga ega emasligi va hech qanday vazifa bajarmayotganligi asos qilib ko‘rsatilgan.

“Masalan, Andijon tumanidagi 47-sonli maktabda laboratoriya xodimi mavjud bo‘lmasa-da, shtat ajratilgan holda maktab farroshiga biriktirilgan”, deyiladi aniq manbasi ko‘rsatilmagan hujjatda.

Laborant lavozimini qisqartirish evaziga quyidagi taklif bildirilmoqda:Jihozlangan laboratoriya xonalari mavjud bo‘lgan maktablarga fizika va kimyo fani o‘qituvchilaridan bir nafariga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 17.6 foiz miqdorida (185 ming so‘m) kabinet mudirligi uchun to‘lovlarni kiritish orqali barcha laborant shtatlarini qisqartirish taklif etilgan.Ma’lumot uchun, kabinet mudirligi lavozimi hozirgi kunda informatika fani o‘qituvchilari uchun joriy qilingan.

  • Psixolog lavozimi

Hujjatda maktablardagi psixolog lavozimini qisqartirish ham taklif qilingan. Unda aytilishicha, maktablarda vazifalari o‘xshash va bir-birini takrorlovchi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari” va “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tayyorlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari” shtatlari mavjud.Bundan tashqari, Milliy gvardiya tizimida 2 ming nafar inspektor-psixolog lavozimi mavjud. Shuningdek, psixolog lavozimi uchun malakali mutaxassislar yetishmaydi. Birgina Andijon tumanida 88 ta shtatdan 9 tasi (10 foizi) bugungi kunda vakant.Shu sababli psixolog lavozimini har bir muassasaga o‘quvchi sonidan qat’i nazar 1 shtat ajratish taklif qilingan. Amalda 500 nafargacha bo‘lganda 1,0 birlik, 500 nafardan 1000 nafargacha bo‘lganda 1,5 birlik, 1000 nafardan 1500 nafargacha bo‘lganda 2,0 birlik, 1500 nafardan 2000 nafargacha bo‘lganda 2,5 birlik, 2000 nafar va undan ortiq bo‘lganda esa 3,0 birlik psixolog lavozimi ajratilgan.

  • Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimi

Ushbu lavozim shtatlarini ham maqbullashtirish taklif qilingan. Hujjatda aytilishicha, maktablarda vazifalari o‘xshash va bir-birini takrorlovchi “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tayyorlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari” va “Psixolog” shtatlari mavjud.Holat tahlil qilinganda Andijon tumanidagi maktab direktorlari mazkur lavozimga umumiy bitta shtat birligi ajratilsa-da, ta’lim-tarbiya sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmadi degan fikrni bildirgan.Shu sababli ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimiga sinflar sonidan kelib chiqib, 0.5-1 shtat ajratish taklif qilingan.Amalda 6 tagacha sinf uchun shtat birligi ajratilmaydi. 7-10 tagacha sinf uchun – 0.5 shtat, 11-22 tagacha sinf uchun – 1 shtat, 23-29 tagacha sinf uchun – 1.5 shtat birlikda direktor o‘rinbosari lavozimi ajratilgan.

  • Kutubxonachi lavozimi

Mazkur lavozimni ish yuklamasidan kelib chiqib maqbullashtirish taklif qilingan. Bunda sinflar sonidan kelib chiqib, 0.5-1 shtat ajratish taklif qilingan. Amalda 1-10 tagacha sinf komplektlari bo‘lganda 0,5 shtat birlik, 11-16 tagacha sinf komplektlari bo‘lganda 1 shtat birlik kutubxonachi lavozimi ajratib kelinmoqda.Hujjatda hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limidagi ayrim shtat birliklarni ham qisqartirish taklif qilingan.

  • Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish bo‘yicha metodist lavozimi

“Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish bo‘yicha metodist” lavozimini ayni vaqtda maktablarda ovqatlanish tashkil etilmaganligini hisobga olib butunlay qisqartirish taklif qilingan.Hozirgi kunda ushbu lavozimga hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarida 1 shtat birlik lavozim ajratilgan.

  • Markazlashgan moliya-buxgalteriya xizmati xodimlari

Bugungi kunda oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘lash jarayoni to‘liq raqamlashtirilmoqda. Raqamlashtirish natijasida ish haqini hisoblash bo‘yicha buxgalterlarda ish yuklamasi kamayganligi aytilgan.

Buni hisobga olib, tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi Markazlashgan buxgalteriyada hisob-kitoblar bo‘yicha buxgalter lavozimini kiritish me’yorlarini maktabda har 500 xodimga bitta (amalda 400 xodimga bitta), bog‘chada har 600 xodimga bitta (amalda har 500 xodimga bitta) etib belgilash taklif etilgan. Ayni vaqtda xalqtaliminfo.uz tahririyati tegishli vazirlik va idoralar matbuot xizmati rahbarlari bilan bog‘lanib, ushbu ma’lumotga to‘liq oydinlik kiritmoqda. Tafsilotlar haqida yana qo‘shimcha ma’lumotlar berib boriladi.