Oliy ta’lim vazirligining 22 nafar xodimi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi aniqlandi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 22 nafar xodimi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi aniqlandi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat muassasalari va tashkilotlar xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish holatlari o‘rganildi. O‘tkazilgan tekshiruvlarga ko‘ra, bir necha vazirlik va idoralar xodimlari tadbirkorlik subyektlarida ta’sischi sifatida ro‘yxatdan o‘tganliklari aniqlangan.
Xususan:
- Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 22 nafar xodimi 23 ta tadbirkorlik subyektida ta’sischilik qilayotgani ma’lum bo‘ldi.
- Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida 72 nafar xodim 79 ta tadbirkorlik subyektida faoliyat yuritib kelgan.
- Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida 59 nafar xodim 60 ta subyektda ta’sischi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.
- Energetika vazirligida 7 nafar xodim 8 ta tadbirkorlik subyektida ta’sischilik qilayotgani qayd etilgan.
Vazirliklar tomonidan taqdimnomalar tanqidiy muhokama qilingan va xodimlarga ogohlantirish xatlari berilgan. Agentlikning ma’lum qilishicha, qonunbuzarlik holatlari hozirda bartaraf etilgan.
Shuni eslatib o‘tish lozimki, davlat fuqarolik xizmatchilariga “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunlarga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangan.