Fan olimpiada g‘oliblariga 4 mlrd so‘m – o‘qib boyib ketish mumkinmi?
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
O‘zbekistonlik o‘quvchilar orasida xalqaro fan olimpiadalarida qatnashib, g‘olib bo‘lib qaytayotganlar yildan yilga ko‘paymoqda. G‘oliblarga 150, ularni tayyorlagan o‘qituvchiga 135 million so‘mgacha pul mukofotlari ajratilgan. Kun.uz fan olimpiadalarida g‘oliblarga beriladigan sovrin va imtiyozlarni bir joyga jamladi.
Foto: KUN.UZ
Xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalari asosan aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishida o‘tkaziladi. Shunday olimpiada g‘oliblariga kattaroq sovrinlar berilishi boshlanganidan beri, O‘zbekistondan ham xalqaro olimpiadachilar soni oshgan. Maktabgacha va maktab ta’limi bergan ma’lumotga ko‘ra, nufuzli xalqaro olimpiadalarda sovrindor bo‘lgan o‘quvchilar va ularning ustozlari uchun 2019 yildan buyon 4,1 mlrd so‘mlik pul mukofotlari ajratilgan. O‘tgan yilning o‘zida 39 nafar o‘quvchi mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi olimpiadalarda g‘olib bo‘lib qaytishgan.
37 ta medal
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ko‘ra, o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari 2017 yildan beri IMO, ICHO, IBO, IPHO, IOI kabi xalqaro musobaqalarda ishtirok etib kelishadi. Shu vaqt davomida o‘quvchilar 4 ta oltin, 13 ta kumush va 20 ta bronza – jami 37 ta medalni qo‘lga kiritishgan. 2017 yilda mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda jami 37 nafar o‘quvchi ishtirok etgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 308 nafarga yetgan.
2022 yildan boshlab o‘quvchilarni nufuzli xalqaro olimpiadalarga tayyorlash va ularga zarur bilim va ko‘nikmalarni o‘rgatish maqsadida alohida tayyorlov dasturi amaliyotga joriy etilgan.
O‘sha yili ishtirokchi o‘quvchilarni xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlash uchun ilk marta poytaxtdagi “O‘zbekiston” mehmonxonasi tanlangan. Bu tayyorlovda 17 nafar o‘quvchilardan iborat O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari va kelgusi yillar uchun rezervga kiritilgan, saralash olimpiadalarida yuqori natijalarni qayd etgan 50 nafar 9-10-sinf o‘quvchilari qatnashgan.
Ularga matematika, kimyo, biologiya va fizika fanlaridan AQSh, Janubiy Koreya, Rossiya davlatlari terma jamoalarini xalqaro olimpiadalarga tayyorlashda bevosita ishtirok etib kelayotgan 6 nafar xorijiy trener-o‘qituvchilar va turli yillarda xalqaro olimpiadalarda medallarni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonliklar bilim berishgan.
G‘oliblar uchun mukofot va imtiyozlar
Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, xalqaro olimpiadalarda yuqori o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarga quyidagi imtiyozlar beriladi:
– Xalqaro matematika olimpiadasi, Xalqaro fizika olimpiadasi, Xalqaro kimyo olimpiadasi, Xalqaro biologiya olimpiadasi g‘oliblari davlat oliy ta’lim muassasalariga test sinovisiz va qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilinadi;
– asosiy olimpiadalarning respublika bosqichida 1 — 3 o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar o‘z ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat bilan taqdirlanadi”.
Bundan tashqari, g‘olib o‘quvchi va ularning o‘qituvchilariga pul mukofotlari ham beriladi;
– oltin medal bilan taqdirlangan o‘quvchilar —BHMning 500 baravari (150 mln) va ularning o‘qituvchilari —BHMning 450 baravari (135 mln);
– kumush medal bilan taqdirlangan o‘quvchilar —BHMning 300 baravari (90 mln) va ularning o‘qituvchilari —BHMning 250 baravari (75 mln);
– bronza medal bilan taqdirlangan o‘quvchilar —BMHning 200 (60 mln) baravari va ularning o‘qituvchilari BHMning 150 baravari (45 mln) bilan taqdirlanadi.
Xalqaro g‘oliblar o‘qituvchilari uchun alohida imkoniyat
Xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlariga ham direktor jamg‘armasidan medaliga qarab 200, 175 va 150 foizlik ustama to‘lash amaliyoti joriy etilgan.
Shuningdek, ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz, asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi to‘lab kelinmoqda.
Viloyat miqyosida taqdirlanish
Vazirlik bergan ma’lumotga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichi g‘oliblarini pul mukofotlari bilan taqdirlash ham yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yili g‘oliblarga 2,4 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2022/2023 o‘quv yilida qariyb 3 mlrd so‘m yo‘naltirilgan.
Respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning ustozini rag‘batlantirish uchun 2,9 mlrd so‘m ajratilgan. Shu o‘rinda nafaqat o‘quvchi va o‘qituvchilar, balki hakamlarga ham pul ajratilayotgani muhim. Bunaqa amaliyot O‘zbekistonda ilgari kuzatilmagan.
G‘oliblarning o‘qituvchilari uchun ham turli miqdordagi bir martalik pul mukofotlari:
– 1-o‘rin uchun — BHMning 50 baravari (15 mln);
– 2-o‘rin uchun — BHMning 35 baravari (10,5 mln);
– 3-o‘rin uchun — BHMning 30 baravari (9 mln) berilgan.