Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Mandat 2024 Kirish ballari Yangiliklar DTM testlar Reklama

Websterdan maxsus loyiha - "Ilm sovchilari."

Bugun, 14:31
Websterdan maxsus loyiha -

“Ilm sovchilari”: Webster universiteti qizlar ta’limi haqida oilalar bilan muloqot boshladi

Toshkent shahridagi Webster University qizlarning oliy ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Ilm sovchilari” nomli tashabbusni amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida universitet vakillari maktabni bitirayotgan qizlar yashaydigan xonadonlarga tashrif buyurib, ota-onalar bilan qizlarning ta’lim imkoniyatlari haqida suhbatlashmoqda.

Mazkur tashabbus o‘zbek jamiyatidagi oila qadriyatlari va an’analarini hurmat qilgan holda, qizlarning ta’lim olishi masalasiga e’tibor qaratishni maqsad qiladi. Tashriflar davomida ota-onalar bilan qizlarning o‘qishini davom ettirishi ularning shaxsiy rivoji, kelajak kasbi va oilalar farovonligi uchun ham muhim ekani haqida fikr almashilmoqda.

Sovchilik an’anasi – yangi ma’noda

6–9 mart kunlari Webster University vakillari maktabni bitirayotgan qizlar xonadonlariga ramziy “sovchilik” tashriflari bilan bordilar. Biroq bu tashriflarning maqsadi turmush emas, balki ta’lim imkoniyatlari haqida suhbatlashish edi.

Bir piyola choy ustida bo‘lib o‘tgan suhbatlarda qizlarning oliy ta’lim olishi, kelajak kasblari va ta’lim orqali ochiladigan imkoniyatlar haqida gaplashildi.

Suhbatlarda taniqli ayollar ham qatnashdi

Loyiha doirasidagi uchrashuvlarda turli soha vakillari ham ishtirok etdi. Jumladan:

  • O‘zbekiston psixologlar assotsiatsiyasi a’zosi Kamila Xasanova,
  • “Anor Atelier” asoschisi Dilnoza Umurzakova,
  • oliy toifali psixolog va BMT konsultanti Azizaxon Tashxodjaeva.

Ular ota-onalar bilan qizlarning ta’lim olishi, ularning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash va kelajak imkoniyatlari haqida suhbatlashdilar.

Webster tarixidagi ayollar ta’limi an’anasi

Webster University 1915-yilda Loretto opa-singillari tomonidan tashkil etilgan. Ular o‘sha davrda ayollar uchun oliy ta’lim imkoniyatlari cheklangan bo‘lgan bir paytda, ayollarga bilim olish imkoniyatlarini kengaytirishni o‘z oldiga maqsad qilgan edi. Bugungi kunda Webster University Tashkent talabalari orasida qizlar va ayollar ulushi 60,2 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich yildan-yilga ortib bormoqda.

Onlayn platforma ham ishga tushirildi

Loyiha doirasida maxsus onlayn platforma ham yaratilgan. Unda oliy ta’lim olishni istagan, biroq turli sabablar yoki ota-onasining andishasi tufayli hali qaror qilmagan qizlar ariza qoldirishlari mumkin.

Shundan so‘ng “ilm sovchilari” oilalar bilan uchrashib, qizlarning ta’lim olish imkoniyatlari haqida suhbat o‘tkazadi.

Tashabbus haqida

Webster universiteti Marketing, biznes va qabul bo‘limi mas’ullarining aytishicha, loyiha qizlarning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash va ularning ta’lim olishiga e’tibor qaratishga xizmat qiladi.

Loyiha orqali qizlarning ta’lim olish imkoniyatlari haqida oilalar bilan ochiq muloqot qilish va mavjud imkoniyatlar haqida xabardorlikni oshirish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham qizlar ta’limiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bu borada bir necha bor ta’kidlab, qizlar va ayollarning ta’lim olishi jamiyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutishini qayd etganlar.

Mazkur tashabbus ham qizlarning ta’lim imkoniyatlari haqida oilalar bilan muloqotni kuchaytirish va yoshlarning kelajakdagi rivojiga e’tibor qaratishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.