Xalqaro grantlar va stipendiyalarga ariza topshirish bo‘yicha foydali maslahatlar
Abituriyentlar uchun onlayn testlar
➡️ DTM BLOK TESTLAR
Barchamizga ma’lumki, xalqaro dasturlarga hujjat topshirish va qabul jarayonlari o‘quv yili boshlanishidan ancha erta tugallanadigan jarayondir. Ushbu ishda tezkorlik va tirishqoqlik muhim o‘rin tutadi. Quyida sizga qo‘l kelishi mumkin bo‘lgan ba’zi ko‘rsatmalar keltirilgan.
Imkon qadar ertaroq o‘zingizga mos stipendiya izlashni boshlang, karyeraga oid maqsadingizni belgilab oling va stipendiya olish hamda oʻzingiz tanlagan mamlakatda magistratura dasturida o‘qish uchun tajribangiz, yutuqlaringiz va malakangizni oshirish boʻyicha tizimli ravishda ish olib boring.
- Xatolarni tuzatish va stipendiya olishga yordam beruvchi shaxsiy aktivlarni rivojlantirishga yetarli vaqtingiz bo‘lishi uchun mamlakat, universitet va stipendiyalarni kamida 2, yaxshisi 3 yil oldin o‘rganishni boshlang.
- Siz ariza topshiradigan stipendiyalarning eng toʻliq roʻyxatini tuzing.
2 ta asosiy stipendiya manbalari mavjud: yirik davlat stipendiya fondlari va xalqaro talabalarga stipendiya taklif etuvchi universitetlar. Grantlarni tanlashda, fondlar sizdan nimalarni talab qilishi bilan tanishib chiqing.
- Stipendiya fondlari nomzodlardan nimani xohlashini, qanday yutuqlarga afzallik berishini bilib oling va o‘zingiz xohlagan stipendiyaga ega bo‘lishda yordam beradigan tajriba, bilim va natijalarga erishish uchun bakalavriat davridagi vaqtingizdan foydalaning.
- Yaxshi o‘qishga harakat qiling. Ko‘pgina stipendiyalar uchun munosib akademik ko‘rsatkichlar talab qilinadi. Bu faqat a’lochi talabalar stipendiya oladi degani emas. Unday emas. Biroq, ball qanchalik yuqori bo‘lsa, shuncha yaxshi.
- Stipendiya olish uchun ariza topshirishdan oldin oʻz karyera yoʻlingizni aniqlashga harakat qiling, chunki arizangiz kasbiy hayotingizda nimaga erishmoqchi ekaningizni va magistrlik darajasi bu yoʻlda muvaffaqiyatga erishishingizga qanday yordam berishini tasvirlab berishi lozim.
- Grantga arizangizni kuchaytirish uchun bakalavriat kurslari va tezislaridan foydalaning. Magistraturada o‘rganadigan mavzularingizga imkon qadar yaqinroq mavzularni oling.
- Ingliz tilingizni yaxshilang va IELTS yoki TOEFL ni 3-kursda yoki bakalavriatning oxirgi kursidan oldin yozda topshiring, shunda 4-kursda magistratura va stipendiya uchun diplom hamda hujjatlarni tayyorlashdan chalgʻib qolmaysiz.
- Universitetlar va stipendiya fondlari bilan bevosita aloqada bo‘ling. Universitetlarning qabul va stipendiya komissiyalarida potensial talabalar va stipendiya egalari bilan muloqot qilish uchun maosh oladigan maxsus xodimlar mavjud.