Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Alisher Qodirov: ta’limga ajratilayotgan mablag‘ kutilayotgan natijani bermayapti

14.11.2023 11:05
Alisher Qodirov: ta’limga ajratilayotgan mablag‘ kutilayotgan natijani bermayapti

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida Davlat dasturining 2023 yil to‘qqiz oyidagi ijrosi hamda “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.

Muhokamalarda O‘zMTDP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov ta’lim-tarbiya sohasiga alohida to‘xtalib, bu tizimga ajratilayotgan mablag‘lar kutilayotgan natijalarni bermayotganini ta’kidladi:

— Ta’lim-tarbiya tizimiga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar qariyb 3 barobar oshirilgani quvonarli hol. Ammo ushbu ajratilayotgan mablag‘lar samaradorligini oshirish lozim.

Kelgusi yilgi Byudjetnomada Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ajratilayotgan mablag‘larning 80 foizi o‘qituvchilarning oyligi uchun yo‘naltirilyapti. Haqiqatan o‘qituvchi yuqori maosh olishi kerak. Chunki ular kelajakni yaratadi. Biz yaqinda pedagoglarning maqomi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildik va unda o‘qituvchilarning maqomi, huquqiy himoyasi belgilab berildi.

Soha uchun byudjet mablag‘lari kamaymayapti. Ammo yaratilayotgan sharoit kelajakka yangi umidlarni uyg‘otmayapti. Ya’ni, ta’limga berilayotgan mablag‘ kutilayotgan natijalarni bermayapti. O‘tgan yili OTMlarga topshirgan abituriyentlarning 50 foizga yaqini hatto 2 bahoga loyiq natijani ko‘rsatmadi.

Bugun 500 mingga yaqin o‘qituvchi bor. Ularning oyligi uchun 35 trillion so‘m mablag‘ ajratilayapti. Tahlillarga qaraganda, maktablarda 10-15 foiz ortiqcha, ya’ni zarurat bo‘lmagan o‘qituvchi ishlayapti.

Zamon shunchalar tezlashdiki, bugun o‘qituvchi bir necha kun tayyorlanib beradigan biror ma’lumotini o‘quvchi internetdan bir pasda olyapti. Shuning uchun pedagog ham zamonga moslashishi, zamonaviy bo‘lishi kerak. Taklifimiz ta’limga yo‘naltirilayotgan investitsiyalarning samaradorligi haqida vazirlik jiddiy bosh qotirishi lozim. Pedagoglarning malakasini oshirish bilan birga, zamon talablari asosida ularning ishini to‘g‘ri baholash tizimini yaratish zarur.

35 trillion pulning ma’lum bir qismini MTTga ham yo‘naltirishimiz kerak. Bog‘chalarda ham ahvol yaxshi emas. 30-35 ta bolaga 1 ta tarbiyachi to‘g‘ri kelyapti. Tizimdagi oliy ma’lumotga ega tarbiyachilar bor-yo‘g‘i 25-30 foizni tashkil qilayapti. Bog‘cha tarbiyachilarining oyliklarini ham oshirish lozim. Jahon standartlariga mos ravishda 10-15 ta bolaga bitta tarbiyachini biriktirish haqida o‘ylashimiz kerak, — dedi Alisher Qodirov.