Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

AQSHda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar soni rekord darajaga yetdi

03-fevral 11:15
AQSHda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar soni rekord darajaga yetdi

AQSHda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar soni ming nafardan oshdi, deb xabar bermoqda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.

Xalqaro taʼlim almashinuvi bo‘yicha 2023-yilgi “Ochiq eshiklar” (Open doors) hisobotiga ko‘ra, 2022/2023-o‘quv yilida AQSHda taʼlim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 1000 nafardan oshgan. Bu o‘ziga xos yangi rekord bo‘lib, ko‘rsatkich o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 72,6 foizga o‘sgan.

Hisobotda aytilishicha, 2021/2022-o‘quv yilida 631 nafar o‘zbekistonlik talaba AQSH oliy taʼlim muassasalarida tahsil olgan bo‘lsa, 2022/2023-o‘quv yiliga kelib, u yerda o‘qiyotgan o‘zbekistonliklar soni 1089 nafarni tashkil etgan.

Bularning:

  • 57,2 foizi bakalavriat bosqichiga qabul qilingan,
  • 29,9 foizi magistratura bosqichida o‘qigan,
  • 7,9 foizi fakultativ amaliy mashg‘ulotlarda qatnashgan,
  • 5 foizi esa ingliz tili yoki boshqa qisqa muddatli taʼlim dasturlariga o‘qishga kirgan.

Hisobotga ko‘ra, o‘tgan o‘quv yilida AQSHdagi xalqaro talabalar soni 1 milliondan oshib, o‘tgan yilga nisbatan 14 foizga o‘sgan va yangi yuqori ko‘rsatkich 1,057,188 talabani tashkil etgan.

Xalqaro taʼlim instituti (IIE) va AQSH davlat departamentining Taʼlim va madaniyat masalalari byurosi (ECA) tomonidan tuzilgan “Ochiq eshiklar 2023” dasturi AQSH xalqaro talabalar uchun eng yaxshi manzil bo‘lib qolayotganini taʼkidlaydi. Qo‘shma Shtatlarning oliy taʼlim sohasidagi global yetakchiligini eʼtirof etishda davom etayotgan bu talabalar Amerikaga dunyoning deyarli barcha davlatlaridan keladi.

2021/2022-o‘quv yilida 188 753 nafar amerikalik talaba chet elda tahsil olgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 13 baravar ko‘p va pandemiyadan oldingi darajaning yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

2023-yilgi “Ochiq eshiklar” hisoboti haqida batafsil maʼlumotni quyidagi havola orqali ko‘rish mumkin: IIE Open Doors (opendoorsdata.org)