Biologiyani o‘rganish oson, qachonki...
Biologiya fani tabiat, bizni o‘rab turgan flora va fauna olami, mikro hamda makroorganizmlarni o‘rganadi. Eng muhimi, u odam haqidagi ta’limotdir. Ha, siz-u biz ham fan nuqtayi nazaridan olib qaralganda, biologik mavjudot hisoblanamiz. Inson o‘zini o‘zi o‘rganishi, tatbiq etishi naqadar qiziq-a?
Bugun biologiya fanidan tayyorlanadigan abituriyentlar soni sezilarli darajada oshgan. Yurtimizda biologiyaga qiziquvchi yoshlar safi ham kun sayin kengaymoqda. Ammo, maktab o‘quvchilarining aksariyati biologiyaga murakkab fan sifatida qaraydi, uni o‘rganishga, o‘zlashtirishga qiynalishadi. Xo‘sh, bunga sabab o‘qituvchining pedagogik mahorati yetishmasligimi yoki o‘quvchilarning o‘qimasligi? Umuman, biologiya darsini oson va tushunarli tilda, qiziqarli tashkil etishning imkoni bormi?
Hozir shu va boshqa savollar bilan 15 yilga yaqin vaqt davomida biologiya fanidan o‘quvchi tayyorlaydigan tajribali o‘qituvchi, “Registon” o‘quv markazi katta ustozi, o‘quv markazdagi Biologiya fani o‘qituvchilari lideri Nodir aka O‘ljayevga yuzlanamiz. Marhamat, intervyu sizga muntazir!
– Biologiya fanidan tayyorlanadigan abituriyentlar, asosan, qaysi mavzuni o‘zlashtirishga qiynalishadi? Va siz bu mavzuni oson va tushunarli o‘qitish uchun qanday usuldan foydalanasiz?
– Biologiyani koʻpgina joylarda anʼanaviy savol-javob uslubida o‘rgatishadi. Bu rostdan ham samarali usul. Ammo koʻpchilik o‘quvchilar savol-javob shaklida tashkil etilgan mashg‘ulotdan tez charchashadi, miyasi zo‘riqadi, zerikish darajasi ortib ketadi. Men bu usulga qo‘shimcha qilib, o‘quvchilarning tasavvurini boyitib, dunyoqarashini kengaytiruvchi usullardan ham foydalanaman.
Masalan, o‘quvchilarimni jumlalarda keltirilgan holatlarni turli rasmlar orqali ifodalashga undayman, zero, biologiya – tashqi olam, o‘zimiz yashab turgan borliq hisoblanadi. Undagi har bir jonli narsani tasavvur qilsangiz, ma’lumotlarni tez o‘zlashtirasiz, qolaversa dars jarayoni ham qiziqarliroq boʻladi.
Mashg‘ulotlarda o‘quvchilarimga “Smart sxema” qilib beraman. “Smart sxema” haqida siz yoki boshqa abituriyentlar eshitmagan bo‘lishi mumkin. Mazkur atamani o‘zimiz o‘ylab topganmiz. Smart sxema – tushunchalarni, mavzularni, jarayonlarni, qonuniyatlarni sxema ko‘rinishida ifodalab, uning qaysidir qismini yashirib qo‘yish, tushirib qoldirish va uni abituriyentlarim bilan birga topishdan iborat bo‘lgan jarayondir. Keyinchalik shunaqa sxemalarni o‘quvchilarning o‘zlari tayyorlab kelishadi, bu o‘yin ko‘rinishidagi usul ham yaxshi samara beradi, ham darsga energiya kiritadi.
Keyingi savolingizga kelsak, biologiyada aynan bitta mavzuni qiyin deb ko‘rsatolmayman. Chunki inson barmoq izlarigacha bir-biridan farq qiladi, o‘zlashtirish darajasi, intellekti ham xuddi shunday. Deylik siz uchun o‘simliklar mavzusi qiyin bo‘lsa, bu o‘rtog‘ingizning eng sevimli mavzusi bo‘ladi. Shuning uchun men barcha mavzularni imkon qadar kreativ va qiziqarli usullar yordamida tushuntirishga, dars jarayonlarini noodatiy tashkil etishga harakat qilaman. Bu ko‘p yillik tajribam davomida ancha foydali bo‘lib kelmoqda.
– Biologiya 1-blok, ya’ni asosiy fan bo‘lmagan yoshlar qanday yo‘l tutishsa, imtihonda yaxshi natija qayd etishadi? Ya’ni asosiy e’tibori to‘lig‘icha bu fanga qaratilmagan bo‘lsa-da, yaxshi ball olish imkoni bormi?
– Bugun biologiya asosiy fan bo‘lmagan tarmoqlar juda ham kam. Ochigʻi, yaqin yillardan beri biologiyasi ikkinchi fan boʻlgan o‘quvchi tayyorlamadim. Menda, asosan, birinchi fani biologiya boʻlgan o‘quvchilar o‘qishadi. Lekin ba’zan yuqoridagi holat ham kuzatiladi, masalan, farmatsevtika yoʻnalishining ayrim sohalarida biologiya ikkinchi fan hisoblanadi. Kimyo yoʻnalishida avvallari biologiya 2-fan bo‘lardi, hozir esa u matematikaga almashtirilgan.
Shunday boʻlsa-da, men fanlarni asosiy yoki yordamchiga ajratmagan boʻlardim. Chunki bu fan menga kam ball beradi, yaxshi o‘zlashtirmasam ham bo‘laveradi, degan fikrda o‘qiydigan abituriyent katta ehtimol bilan xato qiladi. Aksincha, har kuningni oxirgi kuningdek yasha deganlaridek, har bir fanni birinchi blok, asosiy fandek o‘qigan odam, albatta, yaxshi natija ko‘rsatadi. Bu fan unga qachondir asqatadi, bir kunmas bir kun qilgan mehnatlari, uyqusiz kechalari o‘z mevasini beradi. Muhimi chin dildan harakat qilish, qolgani sekin-asta bo‘laveradi…
– Biologiya fanini o‘qitishda boshqalarga o‘xshamaydigan jihatlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz. Abituriyentlar nega aynan sizni, “Registon” o‘quv markazini tanlashi kerak?
– Boshqalardan ajralib turadigan usulim bor. Bu – lug‘at shakllantirish. Agar darsga endi kelgan abituriyent tayyorlanishni 0 dan boshlayotgan bo‘lsa, unga har bir o‘simlik, hayvon, mikroorganizm, qonun va atamalarni ro‘yxat qilib yozdiraman. Ha, erinmayman! Bu abituriyent onggida bioterminlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Registon” o‘quv markazidagi har bir biologiya o‘qituvchisidan an’anaviy metodlar hamda qotib qolgan dars o‘tish uslublaridan yiroq bo‘lishni talab etamiz. Menda tayyorlanadigan o‘quvchilar atamalar yod olingandan so‘nggina kitoblar mutolaasiga kirishishsa, boshqa ustozlarning ham o‘ziga yarasha noodatiy uslublari mavjud. Bu usullar tezroq natijaga erishishga, miyada biologik bazani shakllantirishga juda katta yordam beradi.
Bu nimaga kerak, deb so‘rashingiz mumkin? Shaxsan o‘zim ham har bir o‘qituvchi o‘z metodlari, pedagogik tajribasi bilan boshqalardan ajralib turishi kerak, deb hisoblayman. O‘qituvchining o‘zi o‘ylab topgan, sinovdan o‘tgan va yaxshi natija beradigan metodlari boʻlishi shart va zarur. Qolganini “Registon”ga kelsangiz, batafsil dars davomida aytib beramiz!
– Dars berish uchun nega aynan “Registon”ni tanlagansiz? Nima sizni bu yerda ushlab turadi?
– Bilasizmi, “Registon”da ishlayotganimga bir yildan oshdi. Bu yerdagi muhit, jamoa, eng muhimi, ustozlarning oliy maqsadi menga yoqadi. Bu yerda har bir o‘qituvchi O‘zbekiston ta’limini dunyoda birinchi o‘ringa olib chiqish yo‘lida mehnat qilishadi. Ko‘ryapsizmi, uncha-muncha odam xayol ham qila olmaydigan vazifa yo‘lida harakatlanayotganlar bor oramizda. Mana shunday katta missiyada ishlayotganimdan, shunday jamoa a’zosi ekanligimdan har doim faxrlanaman. Insha Alloh, hademay natijasini ham ko‘ra boshlaysizlar. Aynan missiya, o‘quv markazimizning bosh g‘oyasi meni “Registon”da ushlab turadi!
Unutmang, niyatingiz xolis, ezgulik yo‘lida bo‘lsa, ishingiz faqat va faqat oldinga yuradi. Har qanday vaziyatda vaqt topasiz, vaqt ichida vaqtingiz paydo bo‘ladi. Garchi hozir Turkiya safarida boʻlsam ham, “Registon”dagi hamkasblarim bilan gaplashib, ishlariga muntazam yordam berib turibman. Charchoq umuman sezilmaydi, qaytanga zavq olaman! Vatanga qaytganimdan soʻng, yana dars mashg‘ulotlarini boshlaymiz…
– Abituriyentlar biologiya fanidan yaxshi natija qayd etishlari, imtihonda yuzlari yorug‘ bo‘lishi uchun qanday tavsiyalar berasiz? Maslahatlaringiz bilan bo‘lishsangiz…
– Hech bir mehnat zoye ketmaydi, shu jumladan, biologiyani oʻqiyotganingizda chin yurakdan, boshqalardan koʻproq harakat va mehnat qilayotgan boʻlsangiz, qachondir natijasini ko‘rasiz. Axir biologiya o‘zingiz, yon-atrofingiz haqidagi fan-ku! Nima bo‘lganda ham, men ko‘p o‘qiyapman, palonchi kam o‘qiyapti, menda natija yaxshi chiqmayapti, pistonchi esa aksincha… deb tushkunlikka tushmang. Xudodan so‘rang, harakatdan to‘xtamang. Agar ixlos bilan, chin dildan o‘qib-o‘rgansangiz, albatta, koʻzlagan maqsadingizga erishasiz.
– “Biologiya fanini o‘rgansammi-yo‘qmi” deb ikkilanib yurgan, yo‘l boshida turganlar vaqtdan yutqazmasdan tayyorlanishni hoziroq boshlashlari uchun nimani motivatsiya sifatida keltira olasiz?
– Men bunday abituriyentlar bilan ko‘p ishlaganman, ishonsangiz, shu yil ham ishlab koʻrdim. Ulardagi ikkilanishning asosiy sababi biologiya sohasiga endi kirib kelayotganligida, deb o‘ylayman. Siz hali fanning ichiga kirmagansiz, bunday o‘y-fikrlar bo‘lishi tabiiy. Maslahatim, biologik dunyoqarashingizni sekin-asta shakllantirib borishingiz kerak. Bu qanday boʻladi? Misol uchun, yovvoyi oʻsimlik bilan madaniy oʻsimlikning qanday farqi bor? Buni biolog boʻlmagan odam yovvoyi o‘simlik dalada oʻsishini, madaniy oʻsimlikni esa odamlar oʻstirishini aytadi. Biologcha fikr yuritadiganlar esa yovvoyi oʻsimliklar odam ishtirokisiz ham o‘sib, rivojlanib, nasl qoldira oladi va u tur deb ataladi; odam ishtirokisiz yashay olmaydigan, odam ishtirok etuvchi yoki odam yaratgan o‘simliklar madaniy hisoblanadi va ular nav deb yuritiladi, deya uzil-kesil, aniq javob beradi.
Siz, avvalo, mana shunday oddiy misollar orqali o‘zingizni fanga qiziqtirib, biologiyaning ichiga kirishingiz kerak. Ishonavering, eshikni topib, fanga kirib olsangiz bo‘ldi, keyin biologiya bilan yashay boshlaysiz!
Biologiya o‘qish yoki o‘qimaslik borasida ikkilanayotganlar, bu borada haliyam bir qarorga kelolmayotganlar zudlik bilan ustozga uchrashlari lozim. Chunki abituriyentlar fikrini ko‘pincha ustozlar o‘zgartirib yuborishadi. Ular shundan keyingina jarayonga to‘liq kirishib ketishadi, miyasida har xil savollarga o‘rin qolmay, xayollarini bo‘lmasdan o‘qiydilar. Bunda esa o‘qituvchining o‘rni beqiyos!
– Maroqli va manfaatli suhbat uchun tashakkur!