Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Bir oilaning uch nafar egizak farzandi davlat granti asosida talaba bo‘ldi

27.08.2023 21:44
Bir oilaning uch nafar egizak farzandi davlat granti asosida talaba bo‘ldi

Toshkent shahrida Yusupovlar oilasining uch nafar egizak qizi nufuzli universitetlar talabasi bo‘ldi.

Toshkent shahrida istimoqat qiluvchi Yusupovlar oilasida birdaniga uch nafar egizak farzand — Fotima, Zuhra va Zahro birinchi urinishdayoq davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan.

Jumladan, Fotima Sharqshunoslik universitetiga, Zahro va Zuhra Jahon tillari universitetiga o‘qishga kirgan.

Oila boshlig‘i, tarix va huquq fanlari o‘qituvchisi Sanjar Yusupov so‘zlariga ko‘ra, bunga erishish oson bo‘lmadi va ko‘p mashaqqat talab qildi.

«5-6 sinfda aniq maqsad yo‘q edi. 7-sinfdan boshlab, matematika va ingliz tilini chuqur o‘rganishni boshladik. 9-sinfni bitirganda qizlarimizda xorijiy tillarga qiziqish borligini ko‘rdik, keyin ularni shu tomonga qarab yo‘naltirdik», dedi ota.

21 avgust kuni test imtihonlari natijalari chiqqanidan keyin, baxtiyor ota juda to‘lqinlanib ketganini aytdi.

«Natijani bir hafta kutdik, qizlarim ko‘ngliga hech narsa sig‘madi, hayajonlanishdi. 21 avgustda kuni bilan kutdik, natijalar chiqmadi. Yarim tunda shovqin-suron bo‘lib ketdi, ko‘zimni ochsam, «o‘qishga kirdik» deyishdi. Shunda ham ishonmay turdim. Natijalarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganimdan keyin ishondim... (ehtiroslarimni) tushuntirib berish qiyin. Farzandining grantga o‘qishga kirishi ota-ona uchun katta baxt, buni har bir ota-ona his qilishini tilayman», dedi Sanjar Yusupov.

Oila bekasi Shahlo Yusupova so‘zlariga ko‘ra, farzandlar kelajagi uchun sarflangan sarmoya har doim o‘zini oqlaydi.

«Bu kunlarga yetib kelish oson bo‘lmadi, buning tagida ancha zaxmat yotibdi, Xudoga shukr, shu kunlarga yetdik. Bolaning o‘qishi, kelajagi uchun sarflangan, tikilgan pul mablag‘ qachon bo‘lsa ham o‘zini oqlar ekan», dedi u.