Bu yil texnikumni bitirganlar suhbat asosida 2-kursga qabul qilinadimi?
Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov ma’lum qildi.

Ha, qabul qilinadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov ma’lum qildi.
Prezidentning 2019-yil 6-sentyabrdagi PF-5812-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-yanvardagi 17-son qaroriga ko‘ra, o‘tgan yildan boshlab texnikumlarda o‘rta maxsus taʼlim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali OTMlarda 2-bosqichdan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi. Yuqoridagi ikkala hujjat ham hozir kuchida turibdi, bekor bo‘lgani yo‘q.
Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlaganlar toifasiga kirish uchun quyidagi barcha shartlarga mos kelishi kerak:
- texnikumdagi butun o‘qish davrida o‘quv semestrlari yakuniga ko‘ra o‘zlashtirish baholari «5 (aʼlo)» va «4 (yaxshi)» bo‘lishi;
- bunda o‘zlashtirish baholarining kamida 50 foizi (tibbiyot oliy taʼlim muassasalari uchun kamida 85 foizi) «5 (aʼlo)» bo‘lishi;
- birorta «3 (qoniqarli)» bahosi bo‘lmasligi kerak.





