8-avgustgacha yo‘nalish tanlamagan abituriyentlar qabulda ishtirok eta olmaydi
Oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida qatnashgan abituriyentlar uchun muhim eslatma e’lon qilindi. 8-avgustga qadar oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlamagan abituriyentlar joriy yilgi qabul jarayonida ishtirok eta olmaydi.
Yo‘nalish tanlash jarayoni 25-iyuldan 8-avgustgacha davom etadi. Ushbu muddat ichida har bir abituriyent o‘zi to‘plagan ballga mos ravishda tanlovini tasdiqlashi lozim.
Yo‘nalish tanlash qanday amalga oshiriladi?
Abituriyentlar tanlovni my.uzbmb.uz platformasi orqali amalga oshiradi. Jarayon bir necha bosqichdan iborat:
- shaxsiy kabinetga kirish;
- "Oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul" bo‘limini tanlash;
- "Xizmatdan foydalanish" va "OTT tanlash" bo‘limiga o‘tish;
- ustuvorlikni belgilash;
- fanlar majmuasiga mos OTM, ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlash;
- SMS-kod orqali tanlovni tasdiqlash.
Nechta OTM va yo‘nalishni tanlash mumkin?
Amaldagi tartibga ko‘ra, abituriyent 5 tagacha oliy ta’lim muassasasi va bakalavriat yo‘nalishini tanlash huquqiga ega. Tanlovni bitta OTM doirasida ham, turli oliygohlar kesimida ham amalga oshirish mumkin.
8-avgustdan keyin nima bo‘ladi?
Belgilangan muddat yakunlangach, tizim orqali tanlovni kiritish yoki avval tasdiqlangan ma’lumotlarni o‘zgartirish imkoniyati bo‘lmaydi. Shu sababli mutaxassislar tanlovni oxirgi kunga qoldirmaslikni tavsiya etmoqda.
Abituriyentlarga tavsiya
Yo‘nalish tanlashda faqat o‘tgan yillardagi o‘tish ballariga tayanish tavsiya etilmaydi. Mutaxassislikni tanlashda o‘z to‘plagan balingiz, qiziqishlaringiz va kelajakdagi kasbiy rejalaringizni ham inobatga olish muhim. Tanlov tasdiqlangach esa "Abituriyent qayd varaqasi"ni yuklab olib saqlab qo‘yish maqsadga muvofiq.