Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti tashkil etilmoqda

9.12.2020 02:51
Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti tashkil etilmoqda

Prezident “Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e’lon qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Farg‘ona viloyati hokimligining:

Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali negizida Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutini tashkil etish;

Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasini Institutning klinik bazasi etib belgilash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.

Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • sog‘liqni saqlash hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi muassasalari uchun tor sohadagi mutaxassisliklar bo‘yicha shifokorlar tayyorlashni tashkil etish;
  • yetakchi xorijiy tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda malakali mutaxassislarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan sohalar uchun qo‘shma ta’lim va akademik mobillik dasturlari asosida kadrlar tayyorlash;
  • zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash jarayoniga ilg‘or va masofaviy ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish, yuqori malakali professor-o‘qituvchilarni jalb etish, elektron ta’lim resurslarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish;
  • ilmiy-pedagogik salohiyatning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, pedagogik texnologiyalar va o‘qitish usullarini faol takomillashtirish;
  • sog‘liqni saqlash, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligini, kasalliklar profilaktikasi, parazitologiya, mikrobiologiya, virusologiya, sog‘lom turmush tarzini rivojlantirish masalalari bo‘yicha istiqbolli innovatsion, amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, shuningdek, ularning natijalarini tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolar yechimiga qaratish;
  • biriktirilgan Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlari dasturlarining uzluksizligi va izchilligini ta’minlash, ular faoliyatini samarali tashkil qilish, ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatib borish;
  • xorijiy mamlakatlarning yetakchi tibbiyot tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan ta’lim hamda ilm-fan sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish;
  • moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish va mustahkamlash, simulyatsion markaz, o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash.

Belgilanishicha:

  • Institut davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi, davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga, shu jumladan, xorijiy valutadagi hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;
  • Institut Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filialining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
  • Institutga qabul har yili belgilanadigan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari doirasida va qo‘shimcha qabul parametrlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi;
  • Institut Farg‘ona viloyatidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlarida aniq fanlar bo‘yicha dars mashg‘ulotlarini olib boruvchi o‘qituvchilarga doimiy ravishda ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatib boradi.