Imtihon oldidan stressni yengish uchun TOP maslahatlar!
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Imtihon shunday jarayonki, bunda har bir kishi “O‘zing o‘zinga yordam ber" qabilida ish ko‘rishi lozim. Imtihonga har kim turlicha munosabat bildiradi.
Demak, bu vaqtda yuzaga keladigan stressga qarshi kurashish yo‘llarini ham o‘zi o‘ylab topadi. Biz quyida sizga taqdim etmoqchi bo‘lganimiz – amalda qo‘llangan va ishonchli usullardir.
- Imtihonga tayyorlanishni 17-18 soat qolganda yakunlash tavsiya etiladi. Oxirgi soatlarda katta bosim bilan kitob o‘qishning mahsuldorligi ancha past bo‘ladi. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, bilimlar sinoviga juda yaqin qolganda qancha ko‘p o‘qilsa, shuncha kam esda qoladi.
- Hayot-mamot hal bo‘lishi arafasida o‘quv materiallariga betartib ravishda ko‘z yugurtirish tavsiya etilmaydi, bu jarayonda dengizdan tomchi esiningizda qoladi, xolos. Natijada imtihon paytida faqatgina omadga tayanishga to‘g‘ri keladi.
- Qolgan vaqtni aqliy mehnatdan charchagan organizmni oldindagi sinovga tayyorlashga bag‘ishlash foydaliroqdir.
- Imtihonlardan oldin kechqurun sayrga chiqish, dush qabul qilish kabi har qanday chalg‘itadigan va tinchlantiradigan ish bilan shug‘ullanish maqsadga muvofiqdir. “Miyani yukdan xalos etish" uchun biror komediya yoki yumoristik ruhdagi ko‘rsatuvni tomosha qilish juda foydali.
- Kulgu stressni yengishga yordam berishdan tashqari ishtahani ochadi, ish qobiliyatini oshiradi, uyquni normallashtiradi va g‘ayritabiiy usul bilan fikrlash va tasavvur qilish qobiliyatini yaxshilaydi. Bu narsa ilmiy jihtdan isbotlangan.
- Imtihondan oldin albatta organizmning talabini qondiradigan darajada to‘yib uxlash kerak! Qiyinchiliksiz uxlash uchun esa kunning ikkinchi yarmidagi ratsiondan kofe, shokolad, kola, choy kabi mahsulotlarni chiqarib tashlash kifoya.
Tasavvurni ishga soling. Psixologik texnika yordamida imtihon jarayonini ko‘z oldingizga keltiring:
Siz imtihon o‘tkazilayotgan auditoriyaga kirdingiz, biletni tanladingiz, o‘z joyingizga o‘tirib xotirjam, hech qanday qiyinchiliklarsiz topshiriqlarni bajarib boshladingiz;Iloji boricha imtihon nazoratchilarini ham ko‘z oldindizga keltiring: ular o‘z qarashlari bilan javobingizdan qoniqish hosil qilganliklarini ko‘rsatib turishibdi, imtihon yakunida esa o‘zingiz xohlagan bahoni qo‘yib berishdi.
Shu sahnalarni xotirangizda ko‘p marotaba tiklashga harakat qiling va real hayotda ham shunday bo‘lishiga ishoning.
Imtihondan oldin uyqu yaxshi bo‘lishi uchun kechki ovqatni to‘g‘ri tashkil qilish ham muhim ahamiyatga ega. Bu paytda iloji boricha uglevodli taomlar iste’mol qilish lozim, tarkibida ko‘p miqdorda oqsil saqlagan mahsulotlardan esa o‘zni tiygan ma’qul. Uxlashga yotishdan 30-40 minut avval bir stakan issiq suvga bir choy qoshiq asal solib ichsangiz, asab tizmi mustahkamlanadi.