Konraktining 50 foizi toʻlab beriladi: imtiyozdan foydalanish haqida 5 ta muhim maʼlumot
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftariga” kiritilgan yoshlarga kontrakt pulining bir qismi qoplab beriladi. Kontraktning qancha qismi toʻlab beriladi? Imtiyoz qaysi OTMlarda amal qiladi? “Super kontrakt” ham toʻlab beriladimi? Qayerga murojaat qilish kerak? hudud24.uz quyidagi maqolada ushbu imtiyozdan foydalanish tartibini tushuntiradi.
Xususiy universitetda oʻqiyotganlarga ham imtiyoz beriladimi?
Ha, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftariga” kiritilgan yoshlar Oʻzbekistondagi har qanday, shu jumladan davlat, xususiy, xorijiy OTMlarda, texikum, kollejlarda oʻqiyotgan boʻlsa, kontrakt boʻyicha imtiyozdan foydalanishi mumkin.
Bundan tashqari, mazkur imtiyoz faqat bakalavr emas, magistratura bosqichida oʻqiyotganlarga ham beriladi. Bunda bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki shakli, magistraturaning faqat kunduzgi yoʻnalishi boʻlishi kerak.
Kontraktning qancha qismi qoplab beriladi?
Kontraktning 50 foizigacha qismi, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.
Masalan, talaba A ning kontarkt summasi 40 mln soʻm, uning kontrakti yarmi 20 mln soʻm boʻladi, lekin unga 20 mln soʻm emas BHMning 50 baravarigacha qismi qoplab beriladi, yaʼni 16 mln 500 ming soʻmgacha.
Talaba B ning kontrakti 20 mln soʻm, uning kontrakti yarmi 10 mln soʻm va uning kontrakti BHMning 50 baravaridan oshmaganligi uchun mana shu 10 mln soʻm toʻliq qoplab beriladi.
“Super kontrakt” ham toʻlab beriladimi?
Yoʻq, “super” kontraktda yoki ikkinchi mutaxassislikda oʻqiyotganlarga ushbu imtiyoz qoʻllanilmaydi.
Kimga murojaat qilish kerak?
Kontrakt “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi hisobidan toʻlab beriladi. Jamgʻarma tuman (shahar)larda hokim boshchiligidagi Vasiylik kengashi tomonidan boshqariladi. Kengashning ishchi organi esa tuman (shahar) yoshlar ishlari boʻlimi hisoblanadi.
Shu sababli ariza yoshlar ishlari boʻlimiga beriladi.
Arizaga OTM bergan kontrakt nusxasi ilova qilinishi kerak.
Ariza berishning aniq muddati yoʻq, istalgan vaqtda berish mumkin.
Ariza qancha vaqtda koʻrib chiqiladi?
Ariza berishdan avval, mahalladagi yoshlar yetakchisi bilan maslahatlashing va uni xabardor qilganingiz maʼqul.
Sababi Siz ariza berganingizdan soʻng 3 ish kunida arizangiz siz yashayotgan mahalladagi yoshlar yetakchisiga koʻrib chiqish uchun yuboradi.
Yoshlar yetakchisi 5 ish kunida kontraktni qoplash haqidagi tavsiyanoma yoki rad etish toʻgʻrisidagi xabarnoma yuboradi. Tavsiyanoma berish rad etilsa, u asoslantirilgan boʻlishi shart.
Yoshlar yetakchisi arizani 5 ish kunida koʻrib chiqmasa yoki tavsiyanoma berishni asossiz rad etsa, Vasiylik kengashi oʻz tashabbusi bilan kontrakt pulini oʻtkazib berishi mumkin.
Vasiylik kengashi kontraktni qoplash haqida qaror qabul qilingandan soʻng 3 ish kunida uni OTM hisob raqamiga oʻtkazib beradi.
Shunda jami 11 ish kunida ariza koʻrib chiqilishi kerak.
Arizani koʻrib chiqish natijasidan yoki qaysidur mansabdor, yoshlar yetakchisining harakatidan norozi boʻlsangiz hech ikkilanmay sudga, prokuratura, adliya organlariga murojaat qiling.