Yangi buyruq chiqqunga qadar olingan Linguaskill va Tömer sertifikatlari inobatga olinadigan bo‘ldi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Vazirlik buyrugʻi Vazirlar Mahkamasi qaroriga zid emas
Kuni kecha “Alimoff” telegram kanalida Data-jurnalist Nodirbek Nortoʻrayevning “Bu post davlat xaridi bilan bogʻliq emas, taʼlim bilan bogʻliq” sarlavhali posti ulashilib, unda muallif vazirlikning 65-son buyrugʻi bilan 2023/2024-oʻquv yilidan boshlab magistratura va doktorantura tanlovida ishtirok etish uchun talab qilinadigan chet tili sertifikatlarining yangi tasdiqlangan roʻyxati Vazirlar Mahkamasining 2019-yildagi 395-son qaroriga zid emasmi, deya savol bilan yuzlangan.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ushbu savol yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.
Materialda hukumat qarori 1.g-bandiga tayangan holda Linguaskill sertifikati bekor qilinmaganiga urgʻu bergan. Bunda muallif masala bilan bog‘liq boshqa huquqiy hujjatlarni o‘rganmay eʼtibordan chetda qoldirgani uning notoʻgʻri talqin qilinishiga sabab boʻlgan.
Yaʼni, qaror 1.g-bandida xorijiy til boʻyicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega talabgorlar imtihondan ozod qilinishi koʻrsatilgan. Ammo Prezidentning 279-son qarori bilan 2022/23-oʻquv yili qabulidan boshlab magistraturaga oʻqishga qabul qilishda qo‘shimcha imtihonlar bekor qilinib, PQ-5117-son qarorga asosan til bilish sertifikati hujjat topshirish uchun mezon sifatida belgilandi.
Xorijiy tilni bilish darajasi boʻyicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikatlar roʻyxati esa Davlat komissiyasi qaroriga muvofiq Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi bilan kelishilgan holda vazirlikning 2022-yil 30-iyundagi 220-son buyrugʻi bilan imzolangan.
Maʼlumot oʻrnida, Vazirlar Mahkamasining 312-son qaroriga binoan chet tillari boʻyicha xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatini tasdiqlash aynan Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligiga yuklatilgan edi.
Maʼlumki, maʼmuriy islohotlarga muvofiq Prezidentning 269-son farmoniga (https://lex.uz/docs/6324756) koʻra Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi tugatilib, tegishlicha vazifalari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakolatiga oʻtgan.
Shu bois, vazirlikning 2023-yil 23-martdagi 65-son buyrugʻi bilan 2023/2024-oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim ixtisosliklariga tanlovlarda ishtirok etish uchun taqdim qilinadigan milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatlar roʻyxati yangilandi. Oʻz navbatida, bu roʻyxat ekspertlar xulosasi asosida vazirlik buyrugʻi bilan har yili qayta tasdiqlanadi.
Xulosa o‘rnida, magistratura qabuli Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda.
Shu oʻrinda, vazirlikning 2023-yil 23-martdagi 65-son buyrugʻiga qadar olingan, 2022-yil 30-iyundagi 220-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan roʻyxatda koʻrsatilgan, amal qilish muddati tugamagan milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatlar 2023/2024-oʻquv yili qabulida oliy taʼlim muassasalarining magistratura mutaxassisliklari tanlovlarida ham inobatga olinishini maʼlum qilamiz.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi