Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Maktab direktorlariga menejerlik sertifikati olish tartibi va ustamalar

23-oktabr 15:53
Maktab direktorlariga menejerlik sertifikati olish tartibi va ustamalar

1. Menejerlik sertifikati qanday ahamiyatga ega?

Menejerlik sertifikati — davlat maktabi direktori lavozimida ishlash huquqini beruvchi hujjat. Vazirlar Mahkamasining 25.12.2023-yildagi 681-son qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi ta’lim boshqarmalari tomonidan menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan nomzodlar zaxirasi shakllantiriladi.

2. Menejerlik sertifikatining muddati qancha?

Maktab direktorlarining har 5 yilda bir marta menejerlik sertifikatini olishlari talab etiladi.

3. Menejerlik sertifikatiga ega mutaxassislarga ustama bormi?

2024-yil 1-sentyabrdan boshlab menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan rahbar xodimlarga lavozim maoshiga ustamalar to‘lanadi:

  • Maktab direktorlariga — 50 foiz;
  • Direktor o‘rinbosarlariga — 30 foiz.

4. Sertifikat olish uchun o‘quv kursi qancha davom etadi?

O‘quv kurslari 144 soat davom etadi va bir oy ichida o‘qitiladi. Kurslar nazariy, amaliy mashg‘ulotlardan hamda maktab amaliyotidan iborat.

5. Nomzod qanday holatlarda kursdan chetlashtiriladi?

Nomzod quyidagi holatlarda chetlashtiriladi:

  • Intizomni yoki ichki tartib-qoidalarni buzish.
  • Uzrsiz 18 soat yoki undan ortiq dars qoldirish.
  • Tibbiy sabablarga ko‘ra (tibbiy ma’lumotnoma asosida).
  • Sud qarori yoki vafot etganlik sababli.

6. O‘qish davomida direktorlarning lavozimi va ish haqi saqlanadimi?

O‘qish davomida direktorlar asosiy ish joyidagi lavozim va o‘rtacha ish haqini saqlab qoladilar. Shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq, o‘quv kurslariga ishtirok uchun yuborilgan direktorlarning xizmat safari xarajatlari qoplanadi.

7. O‘qish tugagach, yakuniy imtihondan o‘tish tartibi qanday?

Yakuniy sinovlar bevosita nomzodlarning ishtirokida o‘tkaziladi. Imtihon 25 ta test, keys va amaliy topshiriqlardan iborat bo‘lib, jami 100 ball beriladi. Kamida 70 ball to‘plagan nomzodlar sertifikat olish huquqiga ega bo‘ladilar.

8. Ayrim sabablar bilan imtihonga qatnasha olmaganlar uchun qo‘shimcha imkoniyat bormi?

Uzrli sabablarga ko‘ra (kasallik yoki yaqin qarindosh vafoti) imtihonga qatnasha olmagan nomzodlar Markazga murojaat qilib, tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgach, navbatdagi imtihonga kiritiladi.