Maqsad aniq bo‘lsa, 5 ta yo‘nalish ham shart emas

Avvallari abituriyentlar uchun kirish imtihonlari qanday bo‘lgan?
Ilgari test sinovlari juda katta stress va muammoli jarayon edi. Abituriyentlar yil davomida mehnat qilib, tonnalab kitob o‘qib tayyorlanardi. Lekin bitta noto‘g‘ri javob tufayli butun orzular barbod bo‘lishi mumkin edi. 173,1 ball yig‘gan abituriyent ham atigi 2,2 ball yetmagani uchun o‘qishdan yiqilib qolishi odatiy hol edi.
Shunda ham 5 ta yo‘nalish tanlash yoki super-kontrakt kabi imkoniyatlar mavjud emasdi. Faqatgina norasmiy yo‘llar — “dop kontrakt” orqali ayrimlar noyabr-dekabr oylarida o‘qishga kira olardi. Bu esa faqat tanish-bilish va pulga bog‘liq bo‘lgan.
Hozirgi tizimdagi qulayliklar
5 ta yo‘nalish tanlash imkoniyati
Bugungi kunda abituriyentlar test topshirgach, o‘z natijasini 1 kun ichida bilib oladi va olgan balliga qarab beshta yo‘nalishni tanlash huquqiga ega.
Super-kontrakt imkoniyati
Agar beshta yo‘nalishdan ham kira olmasa, abituriyent super-kontrakt asosida o‘qishga kira oladi. Endi hech kimning eshigida sarg‘ayib yurish, tanish izlash yoki pora berish shart emas. Ariza to‘liq onlayn topshiriladi, ballar ketma-ketligiga qarab universitetning o‘zi talabalarga taklif yuboradi.
Oltinchi yo‘nalish imkoniyati
Joriy yildan bo‘sh qolgan kvotalar uchun abituriyentlarga yana oltinchi yo‘nalishni tanlash huquqi ham berildi. Bu esa yoshlar uchun yanada ko‘proq imkoniyat yaratmoqda.
Maqsad qat’iy bo‘lsa, yo‘l topiladi
Masalan, 173,1 ball olgan bir abituriyent faqat Yuridik universiteti yurisprudensiyasini tanlagan va atigi 2,2 ball yetmagani uchun kira olmagan. Aslida u boshqa universitetlarga shu ball bilan kontrakt asosida kira olardi. Ammo maqsadi aniq bo‘lgani uchun faqat Yuridik universitetini tanlab, qolgan imkoniyatlardan foydalanmagan.
Endi esa u xotirjam tarzda super-kontrakt orqali orzusidagi universitetga kirishi mumkin. Faqat oddiy kontrakt summasining 2,5 barobarini to‘lab o‘qishni boshlaydi va keyingi yillarda oddiy kontrakt yoki grant asosida davom ettirish imkoniga ega bo‘ladi.
Xulosa
Bugungi kunda abituriyentlar uchun sharoitlar avvalgidan ancha osonlashgan. Besh yo‘nalish tanlash, super-kontrakt va qo‘shimcha imkoniyatlar tufayli o‘qishga kirish jarayoni adolatli va shaffof bo‘ldi. Shunday ekan, imkoniyatlardan unumli foydalanish, faqat yaxshi o‘qish va maqsadga sodiq qolish kifoya.