O‘qishni ko‘chirish uchun qanday talablar bor? — "perevod" haqida eng muhimlari
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
O‘qishni ko‘chirish imtihonlari ham xuddi kirish imtihonlariga o‘xshash tarzda o‘tkaziladi. Bu yil “perevod”chilar uchun ham o‘tish ballari baland bo‘lishi mumkin. Kerakli ballni to‘play olmaganlar “super-kontrakt” asosida o‘qiydi.
Yoz mavsumida kirish imtihonlari va magistratura imtihonlari bilan birga yana bir yirik tadbir – o‘qishni ko‘chirish imtihonlari o‘tkaziladi. Oxirgi yillarda xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga, mahalliy OTMlararo o‘qishni ko‘chirish istagidagi talabgorlar soni oshmoqda. 2016 yilda bir OTMdan ikkinchisiga yoki xorijdan mahalliy oliygohga o‘qishni ko‘chirish uchun jami 7,5 mingta ariza tushgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib esa bu raqam 22 barobarga oshib, 170 mingtani tashkil qilgan.
Qat’iylashtirilgan talab
Talab oshgani sabab “perevod”ga qo‘yilgan talablar va imtihonlar anchayin qat’iylashtirildi. 2022 yildan boshlab mahalliy OTMlardan o‘qishni ko‘chirishga faqat 2 ta holatdagina ruxsat beriladigan bo‘ldi:
- talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda;
- davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbari tavsiyasi asosida;
Xorijiy va nodavlat OTMlardan o‘qishni ko‘chirish imtihonlari esa qat’iylashtirilib, o‘tish ballari oshirildi. Xususan, kirish imtihonlari test bo‘ladigan yo‘nalishlar imtihonlari sobiq Davlat test markazi – hozirgi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan, kasbiy (ijodiy) imtihonlar esa OTMlarning o‘zida olinadigan bo‘ldi.
O‘tish balli qanday bo‘ladi?
O‘qishni ko‘chirish imtihonlarida o‘tish ballari har yili 15 iyulgacha Bilim va malakalarni baholash agentligi saytida e’lon qilinishi kerak. Masalan, o‘tgan yilgi o‘quv yili uchun tibbiyot OTMlariga o‘qishni ko‘chirish uchun o‘tish balli 129 ball etib belgilangandi. O‘tish ballari yo‘nalishlarga qarab farqlanadi.
Barcha OTMlar uchun to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball xuddi bakalavriat imtihonlaridagi kabi 189 ball edi.
Bu yilgi o‘tish ballari o‘tgan yilgidan ham yuqoriroq bo‘lishi kutilyapti. Sobiq oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov bir yil oldingi chiqishlarida 2023 yilda o‘qishni ko‘chiruvchilar uchun o‘tish ballari bir yil oldingi abituriyentlar to‘plagan ballar bilan bir xil bo‘lishini bildirgandi.
Bu shuni anglatadiki, 2022 yilgi qabulda Toshkent davlat yuridik universiteti yo‘nalishlariga o‘tish ballari 180 balldan baland bo‘lgan. Agar sobiq vazir bergan ma’lumotlar amalga kiritilsa, bu yilgi yuridik universitetlarga o‘qishni ko‘chiruvchilar uchun ham o‘tish ballari 180 balldan baland bo‘lishi mumkin.
Lekin hali bu yilgi aniq o‘tish ballari e’lon qilinmadi.
Arizalar qabuli qachon boshlanadi?
O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar har yili 15 iyuldan 5 avgustgacha qabul qilinadi. Imtihonlar esa xuddi bakalavriatga kirish imtihonlariga o‘xshash tarzda tashkillashtiriladi.
Xorijdan va O‘zbekistondagi nodavlat OTMlardan o‘qishini davlat OTMlariga ko‘chirish uchun ariza bergan va testda o‘tish ballini ololmagan talabgorlar ham, agar o‘zlari xohlasa, super-kontrakt asosida o‘qishlari mumkin.