Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

O‘qishni ko‘chirish (перевод) bo‘yicha batafsil ma’lumotlar

5.04.2022 15:50
O‘qishni ko‘chirish (перевод) bo‘yicha batafsil ma’lumotlar

Bir ta’lim shaklidan boshqasiga o‘qishni ko‘chirsa bo‘ladimi?

Ha, bir ta’lim shaklidan boshqasiga o‘qishni ko‘chirish mumkin, lekin barcha hollarda ham emas. Quyida birma-bir ko‘rib chiqamiz.

Kunduzgi ta’limdan quyidagilarga ko‘chirish ruxsat etiladi:
• kunduzgi;
• sirtqi;
• kechki (smenali).

❌ Kunduzgi ta’limdan maxsus sirtqiga ko‘chirib bo‘lmaydi.

Sirtqi ta’limdan ruxsat etiladi:
• kunduzgi;
• sirtqi (faqat bir ta’lim sohasi doirasida);
• kechki (smenali).

❌ Sirtqi ta’limdan maxsus sirtqi ta’limga ko‘chirib bo‘lmaydi.

Kechki ta’limdan ruxsat etiladi:
• kechki ta’lim (faqat bir ta’lim sohasi doirasida);
• kunduzgi.

❌ Kechki ta’limdan sirtqi hamda maxsus sirtqi ta’limga ko‘chirib bo‘lmaydi.
Maxsus sirtqi ta’limdan faqat bir ta’lim sohasi doirasida maxsus sirtqiga ko‘chirishga ruxsat beriladi. Bundan boshqa ta’lim shakliga ko‘chirib bo‘lmaydi, o‘z navbatida boshqa ta’lim shakllaridan maxsus sirtqiga ko‘chirish talabi ham rad etish uchun asos bo‘ladi.

Shuningdek, maqsadli qabul qilinganlar boshqa ta’lim yo‘nalishi yoki ta’lim shakliga, boshqa OTMga ko‘chira olmaydi.O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha muddatlar

O‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash quyidagi 9 ta bosqichda amalga oshiriladi. Bular quyidagilar:

Kuzgi semestr bo‘yicha

1-bosqich: 15-iyungacha
Hududlarda Ishchi guruh tashkil etiladi.

2: 15-iyuldan 5-avgustgacha
Talabalardan arizalar qabul qilish. Joriy yilda arizalar edu.uz sayti orqali onlayn qabul qilinadi.

3: 5 avgustdan 30-avgustgacha
Arizalar yuzasidan qaror qabul qilinadi va fuqaroga javob xati yo‘llanadi.

4: 2-sentyabrdan 10-sentyabrgacha
Ko‘chirish (qayta tiklash) masalasi ijobiy hal etilgan taqdirda, OTM rektorining buyrug‘i bilan talaba darslarga qo‘yiladi hamda ushbu talaba ilgari ta’lim olgan OTMga uning shaxsiy yig‘ma jildini jo‘natish uchun so‘rovnoma yuboriladi.

5: 1-oktyabrgacha
Kontraktdagilar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirganidan keyin talabalar safiga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruq chiqariladi.

Bahorgi semestr bo‘yicha

6: 15-yanvardan 25-yanvargacha
Talabalardan arizalar qabul qilish

7: 25-yanvardan 15-fevralgacha
Arizalar yuzasidan qaror qabul qilinadi va fuqaroga javob xati yo‘llanadi.

8: 15-fevraldan 25-fevralgacha
Uzrli sabablar bilan bahorgi semestrda ko‘chirish masalasi ijobiy hal etilgan taqdirda, OTM rektorining buyrug‘i bilan talaba darslarga qo‘yiladi hamda ushbu talaba ilgari ta’lim olgan OTMga uning shaxsiy yig‘ma jildini jo‘natish uchun so‘rovnoma yuboriladi.

9: 1-martgacha
Kontraktdagilar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirganidan keyin talabalar safiga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruq chiqariladi.

Quyidagi hollarda talabalar o‘qishini ko‘chirish talabani qabul qilayotgan oliy ta’lim muassasasi bo‘ysunadigan vazirlik (idora) qarori asosida amalga oshiriladi:

  • oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklari bo‘yicha bir vazirlik (idora) doirasida boshqa oliy ta’lim muassasasiga;

  • oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklari bo‘yicha turli vazirlik (idora) doirasida bir oliy ta’lim muassasasidan boshqa oliy ta’lim muassasasiga.

Quyidagi hollarda talabalar o‘qishini ko‘chirish Davlat komissiyasi qarori bilan amalga oshiriladi:

  • xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalaridan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga;

  • bir oliy ta’lim muassasasi doirasida yoki bir vazirlik yoki idora yoxud turli vazirliklar va idoralar tizimidagi oliy ta’lim muassasalariga oliy ta’limning turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga va istisno tariqasida mos bo‘lmagan mutaxassisliklariga.

Quyidagi holatlar fuqaroning o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobi berilishiga asos bo‘ladi:

  • xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalarida yoki ularning filiallarida o‘qiganlarga;

  • respublika oliy ta’lim muassasalaridagi mavjud ta’lim shaklidan o‘zga (boshqa) ta’lim shaklida o‘qiganlarga;

  • oliy ta’lim muassasalarining markazlari, bo‘limlari, o‘quv-maslahat punktlari va boshqalarda o‘qiganlarga;

  • birinchi kursning birinchi semestriga birinchi semestr tugallanmagan holatda o‘qishni ko‘chirishga (talabaga kasallik tufayli akademik ta’til berilgan holatlar, o‘qigan ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lmaganda ko‘chirib tiklash holatlari bundan mustasno);

  • oliy ta’lim muassasasida mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) yoki ta’lim shakli mavjud bo‘lmasa;

  • namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshganda;

  • to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilganlar to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;

  • talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (akademik ma’lumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;

  • oliy ta’lim muassasasiga davlat granti asosida ko‘chirish va qayta tiklash davlat granti asosida ta’lim oluvchilar soni (qabul kvotalari) doirasida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmasa;

  • oliy ta’lim muassasasi moddiy-texnika bazasining imkoniyati cheklanganda;

  • maqsadli qabul qilinganlar boshqa ta’lim yo‘nalishi yoki ta’lim shakliga, boshqa oliy ta’lim muassasasiga;

  • kechki (smenali) ta’limdan sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limga hamda kechki (smenali) ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchi ta’lim sohasiga;

  • sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limdan kunduzgi ta’limga hamda sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchi ta’lim sohasiga;

  • bir ta’lim shaklidan maxsus sirtqi ta’lim shakliga hamda maxsus sirtqi ta’lim shaklidan boshqa ta’lim shakliga;

  • talaba O‘zbekiston va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro kelishuvi asosida qabul qilinib qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tahsil olgan yoki tahsil olayotgan bo‘lsa (mazkur qo‘shma dasturning o‘zi bundan mustasno);

  • qonun hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda.

Fuqaroning o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizasiga rad javobi berilgan taqdirda, arizani ko‘rib chiqish uchun belgilangan muddatda, arizada ko‘rsatilgan manzilga, arizani ko‘rib chiqqan komissiya yoki komissiya vakolat bergan tashkilot tomonidan javob xati yo‘llanadi.

Talabalarning o‘qishini ko‘chirishni rasmiylashtirishda oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) belgilangan tartibda o‘quv rejalari va dasturlardagi mavjud akademik qarzlarni yoki farqlarni (namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshmasligi lozim) topshirish tartibi va muddatlarini (joriy semestr davomida), o‘qitish kursi (semestri) hamda o‘qishga qabul qilishning qonun hujjatlarida belgilangan boshqa shartlarini belgilaydi.
Toshkent davlat yuridik universitetida tahsil olayotgan talabalar ikkinchi kursdan boshlab o‘qishning bir o‘quv yiligacha bo‘lgan muddatni xorijiy oliy ta’lim muassasasining yurisprudensiya yo‘nalishida o‘qish huquqiga ega. Talabaning xorijiy oliy ta’lim muassasasida o‘qigan davri va o‘zlashtirgan fanlari xorijiy oliy ta’lim muassasasi ma’lumotnomasi asosida universitet Kengashi tomonidan universitet o‘quv rejasi va dasturlarining tegishli qismlarini o‘zlashtirganligi sifatida qabul qilinishi va talabaga o‘qishini tegishli o‘quv semestridan davom ettirish huquqi berilishi mumkin.
To‘lov-kontrakt asosida talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklashda to‘lov-kontraktni tuzish tartibi va shartlari, jumladan, to‘lov mablag‘lari va muddatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash jarayoni bepul amalga oshiriladi.

Oliy ta’lim muassasalari talabalarining o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish quyidagicha amalga oshiriladi:

  • o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalarni taqdim etish — har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar amalga oshiriladi;

  • arizalarni oliy ta’lim muassasasi, tegishli vazirlik (idora) yoki Davlat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqib, qaror qabul qilish — har yili 5-avgustdan 30-avgustga qadar amalga oshiriladi.

Talabalar o‘qishini ko‘chirish uzrli sabablarga ko‘ra (respublikaning bir hududidan ikkinchi hududiga doimiy yashash uchun yoki turmushga chiqish munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan (pasport bo‘yicha doimiy ro‘yxatdan o‘tgan) hududga ko‘chib o‘tganda, turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi harbiy xizmat o‘tash joyini o‘zgartirganda, yoxud ota-onasi (turmush o‘rtog‘i) xorijdagi davlat xizmatidan qaytganda) bahorgi semestrda o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishidan oldin ham amalga oshirilishi mumkin.

Bunda:

  • o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza topshirish — har yili 20-dekabrdan keyingi yilning 20-yanvariga qadar;

  • o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizani ko‘rib chiqib, qaror qabul qilish — har yili 25-yanvardan 15-fevralga qadar amalga oshiriladi.

Talabalarning o‘qishini ko‘chirish haqidagi arizalari mos ravishda:

oliy ta’lim muassasasining qabul komissiyasiga topshiriladi;

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etiladigan Hududiy ishchi guruhlarga topshiriladi.

Hududiy ishchi guruhlar qabul qilingan hujjatlarni umumlashtirib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talabalar o‘qishini ko‘chirish haqidagi arizalarni belgilangan vakolatlar doirasida shakllantirib Davlat komissiyasiga va vazirliklar (idoralar)ga qaror qabul qilish uchun yo‘llaydi.

O‘qishini ko‘chirish istagini bildirgan fuqaro quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • ko‘chirish (qayta tiklash)ni istagan ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi), o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada o‘qigan oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi), ta’lim shakli, maqsadli qabul bo‘yicha o‘qishga kirmaganligi, ko‘chirish (qayta tiklash) sabablari, ko‘chirish (qayta tiklash) qoidalari bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);

  • talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma nusxalari;

  • pasportning nusxasi.

Talabalar o‘qishini ko‘chirish haqidagi arizani ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • ariza ko‘rib chiqilib, oliy ta’lim muassasasi rektorining tegishli qarori qabul qilinadi va bu haqda ariza bergan shaxsga shaxsan ma’lum qilinadi;

  • arizalar tegishli vazirlik (idora) tomonidan ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilinadi va bu haqda ariza bergan shaxsga ma’lum qilinadi;

  • arizalar Davlat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilinadi.

Arizalar ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etilgan taqdirda, Davlat komissiyasi yoki tegishli vazirlik (idora) oliy ta’lim muassasasiga belgilangan shaklda xat yo‘llaydi.

Tegishli vazirlik (idora) yoki Davlat komissiyasining xati asosida oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan o‘qishi ko‘chirilayotgan talaba darslarga qo‘yiladi hamda ushbu oliy ta’lim muassasasi tomonidan talaba ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasiga uning shaxsiy yig‘ma jildini jo‘natish uchun so‘rovnoma yuboriladi.

So‘rovnoma olingandan so‘ng, talaba ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasi rektorining talabalar safidan chetlashtirish haqida buyrug‘i asosida uch kun muddatda talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (ro‘yxati bilan) uni o‘qishga qabul qilgan oliy ta’lim muassasasiga jo‘natiladi yoki ariza bilan o‘qishi ko‘chirilgan talabaga beriladi.

Shaxsiy yig‘ma jild jo‘natilishi mumkin bo‘lmagan hollarda (yopiq yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash) oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan imzolangan va gerbli muhr bilan tasdiqlangan akademik ma’lumotnoma talabani o‘qishga qabul qilgan oliy ta’lim muassasasiga jo‘natiladi.

O‘qishi ko‘chirilishiga ruxsat etilgan talabaning maqsadli qabul asosida o‘qiyotganligi o‘qib turgan oliy ta’lim muassasasi tomonidan tekshiriladi va haqiqatda maqsadli qabul asosida o‘qiyotganligi aniqlangan taqdirda so‘rovnoma yuborgan oliy ta’lim muassasasiga hamda talabaga mazkur talabaning o‘qishi ko‘chirilishi mumkin emasligi to‘g‘risida uch kun muddatda tegishli xat yo‘llanadi.

Talaba ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasida uning akademik ma’lumotnomasi, reyting daftarchasi, o‘quv kartochkasi, shuningdek jo‘natilayotgan hujjatlar ro‘yxatining nusxasi qoldiriladi.

O‘qishning barcha shakllari bo‘yicha oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklari bo‘yicha davlat grantlari o‘rinlariga ko‘chirishga faqat davlat grantlari asosida tahsil olgan talabalar arizasiga ko‘ra oliy ta’lim muassasalarida tegishli o‘quv yilidagi qabul qilish kvotalarida belgilangan davlat grantlarining soni doirasida ruxsat etiladi.

Ko‘zi ojizlar toifasiga kiruvchi sifatida hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga ajratilgan kvota doirasida davlat granti asosida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini oliy ta’limning mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklariga davlat granti asosida ko‘chirilishiga ruxsat etiladi.

Boshqa hollarda, shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash istagini bildirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tizimida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarda tashkil qilingan komissiyalarda o‘qishi ko‘chirilayotgan oliy ta’lim muassasalarining muayyan ta’lim yo‘nalishidagi o‘qishga kirish fanlari bo‘yicha o‘qiydigan tilida maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish yoki kasbiy (ijodiy) imtihon shaklida) topshiradi.

Fuqaroning maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish yoki kasbiy (ijodiy) imtihon shaklida) natijasi Davlat komissiyasiga taqdim etiladi. Maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish shaklida) natijasidan kelib chiqib, fuqaro Davlat komissiyasi qarori bilan ko‘rsatilgan o‘quv shaklidagi guruhlarga to‘lov-kontrakt asosida ko‘chiriladi.

Ko‘chirilayotgan oliy ta’lim muassasasida tegishli o‘qitish tili mavjud bo‘lmasa, o‘qitish tilini tanlash fuqaroning arizasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatdan joy olgan Rossiya Federatsiyasi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalarning arizalariga muvofiq ularning o‘qishi Davlat komissiyasi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga sinovlar (test, yozma ish)siz to‘lov-kontrakt asosida ko‘chiriladi. Xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatdan joy olgan Rossiya Federatsiyasi davlat oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati har yili Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Xorijiy oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirilishiga ruxsat etilmaydi.

Oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning talabani belgilangan tartib va muddatda darslarga qatnashishiga ruxsat etish to‘g‘risidagi buyrug‘i talaba ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasidan uning shaxsiy yig‘ma jildi (shaxsiy yig‘ma jild jo‘natilishi mumkin bo‘lmagan hollarda — akademik ma’lumotnomasi) olingandan keyin rasmiylashtiriladi.

To‘lov-kontrakt asosida o‘qishi ko‘chirilganlarni talabalar safiga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘i ular tomonidan belgilangan muddatda shartnoma to‘lovlari bajarilgandan so‘ng 10 kun muddatda qabul qilinadi.

O‘quv rejalardagi fanlari bo‘yicha farqlar aniqlanganda talaba akademik qarzdor sifatida o‘qishga qabul qilinadi.

Joriy semestr davomida akademik qarzdorlik (farqlar) bartaraf etilgan muddatdan boshlab, oliy ta’lim muassasasi rektorining talabaga o‘rnatilgan tartibda stipendiya berish haqidagi buyrug‘i chiqariladi. Stipendiya miqdorini belgilashda fanlar bo‘yicha farqlarni topshirish ko‘rsatkichlari ham hisobga olinadi.

Oliy ta’lim muassasasida yuridik shaxs bilan tuzilgan to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalar o‘qishini ko‘chirish ushbu yuridik shaxsning roziligi bilan amalga oshiriladi.