Yoshlar ittifoqi a’zolariga oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishda qanday imtiyozlar mavjud?
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi 914-son qarorida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zolariga tavsiyanomalar berilishi va ta’lim muassasalariga imtiyozli qabul qilinishi belgilangan.
Mazkur qarorga muvofiq:
- tavsiyanomalar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimidagi sardorlarga, boshlang‘ich tashkilotlardagi yo‘nalish yetakchilariga, ikki yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan fidoyi yoshlarga beriladi;
- tavsiyanomalarga ega bo‘lgan yoshlar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi qaroriga asosan doimiy yashash joyidagi oliy ta’lim muassasalarining pedagogika ta’lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi;
- tavsiyanomalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bir nafardan (jami 14 nafar) yoshlariga taqdim etiladi.
Nomzodlar tavsiyanomaga ega bo‘lish uchun quyidagi uch bosqichda saralab olinadi:
1-bosqich — O‘zbekiston Respublikasining tuman va shaharlarida tuman (shahar) komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
2-bosqich — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida hududiy komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
3-bosqich — yakuniy bosqich bo‘lib, respublika komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Respublika komissiyasi tanlov natijalariga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bir nafardan (jami 14 nafar) eng munosib yoshlar ro‘yxatini tasdiqlaydi hamda 10 kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga taqdimnoma kiritadi.
✅ Tavsiyanoma faqat taqdim etilgan yil uchun amal qiladi.
Tavsiyanomalar O‘zbekiston Respublikasida joylashgan xorijiy oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi.
Asos: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi 914-son qarori