Qanday holatlarda oliygoh talabani o‘qishdan chetlashtirishi mumkin? Batafsil hammasi.
Talaba qaysi holatlarda oliy ta’lim tashkilotidan chetlashtiriladi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori 49-bandiga muvofiq, ayrim holatlar talabaning oliy ta’lim tashkilotidan chetlashtirilishiga asos bo‘ladi. Quyida qonuniy asoslar batafsil keltirilgan.
Talabani o‘qishdan chetlashtirish sabablari
1. Talabaning o‘z xohishiga ko‘ra
Talaba shaxsiy arizasiga asosan o‘qishni ixtiyoriy ravishda tark etishi mumkin.
2. O‘qishni boshqa ta’lim tashkilotiga ko‘chirish
Belgilangan tartib asosida boshqa oliy ta’lim muassasasiga o‘qishi ko‘chirilgan taqdirda talaba amaldagi OTMdan chetlashtiriladi.
3. Ichki tartib-qoidalar va odob-axloq qoidalarini buzish
Oliy ta’lim tashkilotining ichki nizomi, intizom va axloq qoidalarini muntazam yoki qo‘pol ravishda buzish chetlashtirishga sabab bo‘lishi mumkin.
4. Davomat talablari buzilganda
Bir semestr davomida 74 soatdan ortiq darslarni uzrli sabablarsiz qoldirish chetlashtirish uchun asos bo‘ladi.
Eslatma: Salomatlik sababli belgilangan shakldagi tibbiy ma’lumotnoma taqdim etilgan bo‘lsa, bu holat mustasno hisoblanadi.
5. Kontrakt to‘lovini o‘z vaqtida amalga oshirmaslik
To‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar belgilangan muddatlarda to‘lovni amalga oshirmasa, o‘qishdan chetlashtirilishi mumkin.
6. Sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilish
Talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilgan taqdirda, u talabalar safidan chiqariladi.
7. Kirish imtihonlarida tartib buzilishi aniqlanganda
Sud qaroriga ko‘ra kirish imtihonlarida belgilangan tartib buzilgani aniqlansa, talaba chetlashtiriladi va qayta tiklanmaydi.
8. Kursda qoldirilgan talabaning murojaat qilmasligi
Agar kursda qoldirilgan talaba o‘qishni davom ettirish uchun belgilangan muddatda murojaat qilmasa, u talabalar safidan chiqariladi.
9. Qalbaki hujjatlar aniqlanganda
Abituriyent tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning qalbakiligi yoki belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlansa, talaba chetlashtiriladi.
10. Talabaning vafoti
Vafot etgan shaxs talabalar safidan chiqariladi.
Akademik ta’til beriladigan holatlar
Quyidagi vaziyatlarda talabaga chetlashtirish emas, balki belgilangan tartibda akademik ta’til beriladi:
Harbiy xizmatni o‘tash
Muddatli harbiy xizmat davrida.
Salomatlikni tiklash
Uzoq muddatli davolanish yoki sog‘lig‘ini tiklash zarur bo‘lganda.
Homiladorlik va tug‘ish
Shuningdek, bolani parvarish qilish davrida.
Oila a’zosini parvarish qilish
Otasi, onasi (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar), turmush o‘rtog‘i yoki farzandining betobligi sababli.