Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Qanday qilib boy talaba bo‘lish mumkin?

28-yanvar 13:51
Qanday qilib boy talaba bo‘lish mumkin?

Agar stipendiyaga yana bir hafta qolgan bo‘lsa-yu, lekin cho‘ntakda pul qolmagan bo‘lsa — demak, sizda moliyaviy rejalashtirish muammosi bor. Qanday qilib daromadlarni to‘g‘ri taqsimlash va xarajatlarni kamaytirish mumkin? Qanday qilib nafaqat lapsha va perashkiga, balki sushi uchun ham pul yetqazsa bo‘ladi?

Pul manbalarini sanab chiqing

Daromad manbalarini aniqlang: stipendiya, ota-onangiz yordami yoki ish haqi. Faqat barqaror va muntazam tushumlarni hisobga oling. Pulni sanashda o‘zingizni boy his qilish oson, lekin real vaziyatni unutmaslik kerak.

Byudjetni to‘g‘ri taqsimlang

Daromadlaringizni quyidagi (yoki shunga yaqinroq) nisbatda ajrating:

  • 50% — majburiy xarajatlar (oziq ovqat, arenda, kiyinish)
  • 30% — kutilmagan xarajatlar va ra’gbatlantirish xarajatlari (dori-darmon, o‘yin-kulgi, sayohat, sovg‘a)
  • 20% — jamg‘armalar.

Har doim byudjetga rioya qiling va doimiy ravishda jamg‘arib boring, hatto bu oyiga 10 000 so‘m bo‘lsa ham. Toma-toma ko‘l bo‘lur degan maqolga amal qiling.

O‘z qobiliyatingizni pullang

Darsdan tashqari vaqtlarda qo‘shimcha daromad manbalarini izlang. Masalan, tarjima qilish, repetitorlik, kontent yozish yoki grafik dizayn kabi qobiliyatlaringizni ishga soling. Hech bo‘lmasa ofitsiantlik qilish mumkin.

Freelancer platformalarida (masalan, Fiverr yoki Upwork) profil ochib, mijozlar topishingiz mumkin. Hozirgi kunda onlayn xizmatlarga talab katta.

Chegirma va imtiyozlardan foydalaning

Masalan, xalqaro talaba kartasi ISICni rasmiylashtirsangiz, nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda bir qator mahsulotlar va xizmatlarga chegirmalar olishingiz mumkin. Bu karta yordamida arzonroq sayohat qilishingiz, ta’lim kurslarini sotib olishingiz va hatto davolanishingiz mumkin.

Kiyim-kechakni esa chegirmalar mavsumida xarid qilish yaxshiroq, shaharda esa ATTO talabalik transport kartasi yordamida yurishni tavsiya qilamiz. Ushbu kartani UzPost bo‘limlaridan yoki metro kassalaridan, pasport va talabalik guvohnomasi nusxasini taqdim etib, olishingiz mumkin.

Keshbek va bonusli karta oling

Masalan, Salom kartasi yordamida bank hamkorlari (taksi va ovqat yetkazib berish xizmatlari) orqali xarid qilganingizda 5% keshbek olasiz. Bundan tashqari, kartadagi qoldiq mablag‘ingizdan yillik 12% daromad olishingiz mumkin. Agar kartangizda 1 million so‘m saqlansa, oyiga 10 000 so‘m, yiliga esa 120 000 so‘m qo‘shiladi. Talaba uchun bu kichik bo‘lsada yoqimli daromad :)

Kredit va rassrochkalardan uzoqroq bo‘ling

O‘z imkoniyatlaringizdan oshib ketadigan qarz yoki kreditlarni olishdan saqlaning. Kreditlar qisqa muddatda muammo yechganday tuyuladi, lekin kredit foizi sizni ko‘proq moliyaviy qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari hozirgi kunda urfga kirgan "rassrochka" ya’ni bo‘lib to‘lash bilan tovarlar xarid qilishni odat qilmang. Kerakli narsalarni pul jamg‘arib olish sizga ancha arzonga tushadi va bu sizda jamg‘arish intizomini shakillantiradi.

Moliyaviy maqsadlaringizni yozib boring

Pul bilan bog‘liq katta va kichik re’jalaringizni ro‘yxat qilib boring. Masalan, "oyiga 100 000 so‘m jamg‘arish", "yangi noutbuk sotib olish uchun 6 oyda 2 000 000 so‘m yig‘ish" kabi aniq maqsadlar o‘rnatish motivatsiyani oshiradi.

Yaxshi o‘qib, beshlik stipendiya oling

Agar reyting ko‘rsatkichi 86 va undan yuqori bo‘lsa, siz 621 456 so‘m olishingiz mumkin. Prezident stipendiyasi miqdori 2 191 541 so‘mga yetadi, davlat nomdor stipendiyalar (masalan, Beruniy, Navoi yoki Ulug‘bek) esa 1 461 028 so‘mni tashkil qiladi. Shu pulga nafaqat pizza, balki sushi ham buyurtma qilish mumkin. Lekin shunchaki "beshga yopaman" deyish kifoya qilmaydi — bilim ham bo‘lishi kerak. 🙂

Kontrakt uchun soliq imtiyozini oling

Kontrakt to‘lovi uchun davlat daromad solig‘idan qaytarib beradi. Buning uchun Soliq Mobile yoki Davlat xizmatlari ilovasi orqali ariza topshirish kifoya. Qanday qilib ariza topshirish haqida batafsil tanishib chiqing.

Oziq-ovqatni oqilona sotib oling

Do‘konga och qoringa bormang! Ochlik ortiqcha xarajatlarga olib keladi. Oziq-ovqat uchun katta supermarketlarga yoki bozorga boring va bir hafta uchun zarur narsalarni rejalashtirib, oldindan xarid qiling. Bu nafaqat pulni tejaydi, balki vaqtni ham samarali taqsimlashga yordam beradi. Ko‘chada ovqatlangandan ko‘ra uyda ovqatlanish karrasiga arzon tushishini ham unutmang!

Do‘stlaringiz bilan xarajatlarni bo‘lishing

Agar talaba yotoqxonasida yoki ijarada yashasangiz, oziq-ovqat va kommunal xizmatlar uchun xarajatlarni do‘stlaringiz bilan teng bo‘lishib, tejamkorlik qilishingiz mumkin. Bundan tashqari uzoq masofalarga birgalikda borish transport xarajatlarini ham qisqartiradi.

Onlayn bepul ta’lim resurslaridan foydalaning

Kurslar uchun ortiqcha pul sarflash o‘rniga bepul onlayn resurslarni qidiring. Masalan, Coursera, Khan Academy, yoki YouTubeda ko‘plab bepul darsliklar mavjud.

Bu nafaqat pulni tejashga yordam beradi, balki o‘z malakangizni oshirib, kelajakda yuqori daromad keltiruvchi ish topishga yordam beradi.

Hozircha sizga beradigan kichik maslahatlarimiz shular. Talabalar, siz byudjetni qanday rejalashtirasiz? Agar allaqachon talabalikni tugatgan bo‘lsangiz, o‘sha davrlarda qanday tirik qolganingizni eslab, postimizni kursdoshlarga ulashing. Balki, siz ham "makaron yoki grechkaning mukammal retsepti"ni bilarsiz? 😄

P.S: Maqolani yozishda NECHPUL telegram kanalidagi postdan foydalanildi.