Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

“Qizil” maktabda ishlayotgan o‘qituvchining shartnoma muddati tugasa nima bo‘ladi?

31-iyul 02:23
“Qizil” maktabda ishlayotgan o‘qituvchining shartnoma muddati tugasa nima bo‘ladi?

“Qizil” maktabda ishlayotgan o‘qituvchining shartnoma muddati tugasa nima bo‘ladi?

Savol

Men 2021-yil sentyabrda qo‘shni tumanga qizil maktabga ishga kirgandim. Shartnoma 3 yilga tuzilgan edi. Shartnoma muddati 2024-yil sentyabr oyida tugaydi. Endi yana shu maktabda ishni davom ettirmoqchiman. Maktab rahbari bo‘shash haqida ariza yozmasam ham shartnomani bekor qilishga haqlimi? Yana ishni shartnoma muddati tugagan bo‘lsa ham davom ettira olamanmi?

Javob

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-yanvardagi PQ-4940-50n qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktyabrdagi 646-son qarori bilan ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda ta’lim berish uchun boshqa hududlardan o‘qituvchi-pedagoglarni jalb etish tartibi belgilangan.

Unga ko‘ra oliy ma’lumotga va birinchi yoki oliy malaka toifali, kamida bir yil pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan pedagoglar ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga boshqa hududlardan jalb etilgan taqdirda ularga 50 foizdan 100 foizgacha ustama to‘lanadi.

Amaldagi tartibga muvofiq, belgilangan tartib asosida o‘qituvchi-pedagoglar qonunchilikda belgilangan tartibda vakant lavozimga yangi o‘quv yilining birinchi kunidan boshlab ishga qabul qilinadi.

"Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda ta’lim berish uchun boshqa hududlardan o‘qituvchi-pedagoglarni jalb etish tartibi to‘g‘risida"gi Nizomda pedagoglar bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi haqida qoida mavjud emas. Agar bunday qoida mavjud bo‘lgan taqdirda ham Mehnat kodeksiga zid bo‘lib qolardi.

Mehnat kodeksining 111-moddasida muddatli mehnat shartnomasini tuzishning asoslari sanab o‘tilgan. Shuningdek, 112, 113-moddalarda muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin va shart bo‘lgan holatlar keltirilgan. Agar muddatli mehnat shartnomasi 112, 113-moddalarda belgilangan talablarga mos tushmasa, mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuzilgan deb topiladi.

Demak, yuqoridagi vaziyatda ham xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuzilgan hisoblanadi. Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda ta’lim berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan o‘qituvchi-pedagoglar bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzish mumkin emas.

Xulosa

"Qizil" maktabga boshqa hududdan jalb qilingan pedagog bilan mehnat shartnomasi muddati tugagan bo‘lsa ham pedagog yana shu maktabda ish faoliyatini davom ettirishi mumkin. Chunki muddatli mehnat shartnomasi tuzish uchun yetarli asoslar mavjud emas.

Diqqat: Pedagog xodim ikki o‘quv yili davomida "qizil" toifadagi maktabda ishlagan bo‘lsa, shu maktabda ishlayotganligi uchun to‘lanadigan ustamalar to‘xtatiladi. Chunki "Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda ta’lim berish uchun boshqa hududlardan o‘qituvchi-pedagoglarni jalb etish tartibi to‘g‘risida"gi Nizomning 5-bob, 22-bandiga ko‘ra, o‘qituvchi-pedagoglar faoliyat yuritayotgan maktab ikki o‘quv yili davomida ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatidan chiqarilmasa, o‘qituvchi-pedagoglarga belgilangan boshqa hududlardan jalb etilganligi uchun to‘lanadigan maxsus ustamalarni to‘lash to‘xtatiladi. Maxsus ustamalar pedagoglar borgan maktab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatidan chiqarilgan taqdirda, ro‘yxatdan chiqqan yildan keyingi o‘quv yili uchun to‘lanadi. Ya’ni, qaysi holatda bo‘lishidan qat’i nazar maxsus ustamalar faqat ikki o‘quv yili davomida to‘lab beriladi.