Rasman: Ta’lim krediti berish tartibiga o‘zgartirish kiritildi
Abituriyentlar uchun onlayn testlar
➡️ DTM BLOK TESTLAR
Ta’lim krediti berish tartibiga o‘zgartirish kiritildi
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-sentabrdagi 579-sonli qaroriga ko‘ra, ta’lim krediti berish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Ushbu o‘zgarishlar 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab amal qiladi.
-
Ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalari uchun, agar fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi “3” dan past bo‘lsa, ta’lim krediti to‘lov-kontrakt summasining ko‘pi bilan 80 foizi miqdorida ajratiladi. Bunda kreditning dastlabki 20 foizi talaba tomonidan to‘langandan keyin kredit ajratiladi.
-
Agar fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi “3” va undan yuqori bo‘lsa yoki “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalarning ta’lim olayotgan a’zolari bo‘lsa, ta’lim krediti to‘lov-kontrakt summasi miqdorida ajratiladi.
Joriy o‘quv yili uchun ta’lim kreditini olmoqchi bo‘lgan talabaning fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi avvalgi o‘quv yili yakuni bo‘yicha “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimidan olinadi.
Talabaning o‘zlashtirish ko‘rsatkichi va tegishli ma’lumotlari HEMIS tizimi orqali, to‘lov-kontrakt to‘g‘risidagi ma’lumotlar esa “Talabalarga shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish” (kontrakt.edu.uz) axborot tizimi orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi.
Kredit oluvchi ta’lim krediti olish uchun belgilangan tartibda Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan tijorat banklariga “Yagona interaktiv davlat xizmatlari” (my.gov.uz) portali, “Ta’lim krediti” (talim-krediti.mf.uz) axborot tizimi yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qiladi.
Kredit oluvchi tomonidan ta’lim kreditini olish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tijorat bankiga murojaat qilinganda, bank ular uchun ochilgan “Ta’lim krediti” (talim-krediti.mf.uz) axborot tizimidagi shaxsiy kabinet orqali ta’lim krediti olish to‘g‘risidagi arizani shakllantiradi.