Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Registon stipendiyasi: mukofotlar, maxsus guvohnoma va esdalik sovg‘alar

29.01.2022 15:50
Registon stipendiyasi: mukofotlar, maxsus guvohnoma va esdalik sovg‘alar

Respublikamizda tahsil olayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab quvvatlash va moliyaviy rag‘batlantirish maqsadida Registon nodavlat ta’lim muassasasi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda OLIYGOH.UZ ta’lim platformasi hamkorligida Respublika miqyosida talabalar uchun "REGISTON STIPENDIYASI" ta’sis etildi. Bizning asosiy maqsadimiz zamonaviy yo‘llar bilan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash orqali O‘zbekiston ta’lim sohasini yanada rivojlantirish.

Stipendiya g‘oliblari “Registon stipendiyasi sohibi” maxsus guvohnomasi, esdalik sovg‘alar, pul yutuqlari bilan taqdirlanadi. Shuningdek tanlovda ishtirok etgan nomzodlarning barchasiga maxsus QR-kodli sertifikatlar beriladi.

Qatnashing, bilimingizni sinovdan o‘tkazing hamda maxsus mukofotlarga ega bo‘ling.

Stipendiya tashkilotchilari:

Hamkorlar:

  • Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

Ro‘yxatdan o‘tish oxirgi sanasi:

  • 20-fevral

Tanlov kimlar uchun?

  • Respublikamizda tahsil olayotgan barcha bakalavr bosqichi talabalari uchun

G‘oliblari uchun mukofotlar:

  • Stipendiya g‘oliblari “Registon stipendiyasi sohibi” maxsus guvohnomasi, esdalik sovg‘alar, pul yutuqlari bilan taqdirlanadi. Stipendiyalar 1-apreldan boshlab, 3 oy muddatga, belgilangan miqdorga qat’iy rioya qilgan holda tayinlanadi. Stipendiyaning umumiy miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 6 baravarida bo‘lib, 3 oyda ushbu miqdor bo‘lib to‘lanadi.
  • Joriy o‘quv yilida talabalarning tashabbuslari va takliflari tanlovning maxsus komissiyasi tomonidan o‘rganib chiqilib, keyingi o‘quv yillaridan stipendiya sovrindorlari soni va ularga beriladigan stipendiya miqdorlari oshirib boriladi.

Stipendiya uchun kvota:

  • Registon stipendiyasi sovrindorlari soni joriy o‘quv yilida 30 nafar talaba uchun belgilangan.

Qanday ro‘yxatdan o‘tiladi?

"Registon stipendiyasi" tanlovida ishtirok etish istagida bo‘lgan talabgorlar mustaqil ravishda OLIYGOH.UZ platformasi tizimidan ro‘yxatdan o‘tadilar va tanlov sinov shartlari bilan oldindan tanishadilar. Tanlov ishtirokchilari ro‘yxatdan o‘tish vaqtida shaxsiy ma’lumotlarining to‘g‘ri va aniq to‘ldirilayotganligiga ahamiyat berishlari lozim. Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida har bir nomzodning telefon raqamiga maxsus kod jo‘natiladi. Ushbu kod orqali ishtirokchining “Shaxsiy kabineti” faollashtiriladi.

Tanlov bosqichlari

Yoshlarning qiziqishlarini inobatga olgan holda tanlov bosqichlari umumiy baholash tizimi orqali baholanadi hamda saralanadi.

Birinchi bosqich

Birinchi bosqich (Test-imtihon shaklida) tanlovda ishtirok etuvchi nomzodlar OLIYGOH.UZ platformasi orqali Respublika miqyosida onlayn imtihon topshiradilar.

Imtihon turi: Ingliz tili (elementary-intermediate)ga oid 40 ta test savoli. Har bir test savoliga to‘g‘ri javob 1.25 balldan baholanadi.

Bo‘lib o‘tadigan vaqt: Stipendiya tanlovining 1-bosqichi 20-fevral kuni soat 19:00 da boshlanadi va 22:00 da hamma uchun imtihon oynasi yopiladi. Shu vaqt oralig‘ida ro‘yxatdan o‘tgan barcha nomzodlar 40 daqiqa davomida imtihonda ishtirok etishlari mumkin. 1-bosqich yakunlangandan so‘ng umumiy natijalar mandati shakllantiriladi va eng yuqori natijani qo‘lga kiritgan 2000 (ikki ming) nafar ishtirokchi 2-bosqichga o‘tkaziladi.

Ikkinchi bosqich

Ikkinchi bosqich (Test-imtihon shaklida) Stipendiya tanlovida 2-bosqichga o‘tgan nomzodlar OLIYGOH.UZ platformasida test shaklida onlayn shaklda imtihon topshiradilar va eng yuqori ko‘rsatgichga ega nomzodlar final bosqichiga yo‘llanma oladilar.

Imtihon turi: IQ (mantiqiy tahlil) ga oid 40 ta test savollari. Har bir test savoliga to‘g‘ri javob 1.5 balldan baholanadi.

Bo‘lib o‘tadigan vaqt: Tanlovning 2-bosqichi 27-fevral kuni soat 19:00 da boshlanadi va 22:00 da hamma uchun imtihon oynasi yopiladi. Shu vaqt oralig‘ida ro‘yxatdan o‘tgan barcha nomzodlar 40 daqiqa davomida imtihonda ishtirok etishlari mumkin. 2-bosqich yakunlangandan so‘ng umumiy natijalar mandati shakllantiriladi va eng yuqori natijani qo‘lga kiritgan 500 (besh yuz) nafar ishtirokchi finalga (3-bosqich) yo‘llanmani qo‘lga kiritishadi.

Uchinchi bosqich

Uchinchi bosqich: Hujjatlar topshirish bosqichi bo‘lib, stipendiya tanlovida ishtirok etayotgan nomzodlar shaxsiy profillari orqali belgilangan tartibda hujjatlarni taqdim etadilar.

Imtihonlardan saralangan nomzodlar quyidagi hujjatlarni onlayn ravishda maxsus platforma oynasi orqali taqdim qiladilar:

  • shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
  • o‘qish joyidan ma’lumotnoma (my.gov.uz orqali tasdiqlangan yoki dekanatdan tasdiqlangan ma’lumotnoma);
  • dekanat yoki kafedraning tavsiyanomasi;
  • Motivatsion xat;
  • Tanlov va turli loyihalarda erishgan yutuqlari;
  • CV (ma’lumotnoma)
  • Nashr ettirilgan ilmiy ishlar, patent, ixtirolar (agar mavjud bo‘lsa);
  • Xalqaro imtihon sertifikatlari (agar mavjud bo‘lsa).

Barcha hujjatlar platforma orqali onlayn taqdim etiladi.

Nomzodlar hujjatlar yig‘majildlarini yuklab bo‘lgandan keyin, umumiy ballar hisoblab chiqiladi hamda natijalar 2 hafta davomida e’lon qilinadi.

Imtihonlar qanday baholanadi?

Umumiy ballar quyidagicha hisoblanadi:

  • Ingliz tili imtihoni uchun: 50 ball
  • IQ (mantiqiy tahli) imtihoni uchun: 60 ball
  • Hujjatlar uchun: 90 ball

Umumiy 200 ball yig‘ilishi mumkin.

Stipendiya tanlovi g‘oliblari “REGISTON” o‘quv markazining maxsus tadbirlar bo‘lib o‘tadigan zalida “Registon stipendiyasi sohibi” maxsus guvohnomasi, esdalik sovg‘alar, pul yutuqlari bilan tantanali ravishda taqdirlanadi.

Shuningdek, tanlovda ishtirok etgan nomzodlarning barchasiga maxsus QR-kodli sertifikatlar onlayn topshiriladi. Sertifikatlar OLIYGOH.UZ platformasida “Shaxsiy kabinet” orqali ishtirokchilarga yuboriladi.

“REGISTON” o‘quv markazi va OLIYGOH.UZ jamoasi tanlovning barcha ishtirokchilariga omad tilaydi!

Ma’lumot uchun, “REGISTON” o‘quv markazi respublikamizdagi eng yirik ta’lim markazlaridan biri bo‘lib, hozirda markazning Respublika bo‘ylab 15 ta filiali mavjud. Ushbu markazda 7 yil davomida 30 minga yaqin yoshlar tahsil olishgan.

Tanlovning rasmiy nizomi: NIZOM.pdf

Tanlov bo‘yicha savollar va murojaatlar bo‘lsa @oliygoh_edubot manziliga yozing.