Talabalarga ijara berish: Uy egalarining asosiy xavotirlari
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Nima uchun talabalar, ayniqsa yigitlarga ijara berishdan uy egalar qo‘rqishadi?
Talabalarga, ayniqsa yigitlarga ijara uy topish oson emas. Tajribaga ko‘ra, ko‘pgina uy egalari talabalar bilan kelishuvga erishishda qiyinchiliklarga duch kelishadi va ba’zi hollarda ularni ijara olish imkoniyatidan mahrum qilishadi. Buning bir qancha sabablari mavjud.
Kelishuvlarga rioya qilmaslik
Uy egalari uchun eng ko‘p uchraydigan muammo bu — talabalar tomonidan kelishuvlarning buzilishi. Masalan, dastlab 4 kishi yashashni kelishib, keyin 6-7 yoki hatto 10 kishi bo‘lib ketishi mumkin. Uy egasini tekshirish uchun kelganda esa, "bu mehmon" deb aldash holatlari ko‘p uchraydi. Bu nafaqat shartnomalarga zid, balki uy egasi uchun qo‘shimcha muammolar yaratadi.
To‘lov muammolari
Ijara beruvchilarning asosiy maqsadi, tabiiyki, daromad olishdir. Biroq talabalar bilan bu masala ham ko‘pincha qiyin kechadi. Dastlab kelishilgan miqdor to‘liq undirilmaydi yoki to‘lovlar kechikadi. Masalan, 4 talaba 300 dollarga yashashga kelishsa, bu pulning bir qismi chala yoki nasiya bo‘lib berilishi mumkin. Uy egasi izlab kelganda esa, faqat ba’zilaridan 150 dollar olinadi, lekin buni ham talab qila olmaysiz, chunki ular kamida o‘z ulushini berishga harakat qilgan bo‘ladi.
Kommunal to‘lovlar va uy ta’miri
Ko‘pincha kommunal to‘lovlar vaqtida amalga oshirilmaydi, natijada qarzdorlik paydo bo‘ladi. Uy ta’miriga e’tibor berilmaydi, ta’mir rasvo bo‘lib qolishi esa deyarli tabiiydek qaraladi. Bu esa uy egasi uchun katta xarajatlarga olib keladi.
Tozalik masalasi
So‘nggi yillarda nafaqat yigitlar, balki qizlar ham sarishtalikka e’tiborsizlik qilishmoqda. Ko‘p hollarda uylar iflos, tartibsiz bo‘ladi: poyabzallar, paypoqlar joylashgancha yotibdi, bir haftalik chiqindi yig‘ilib qolgan, suvaraklar ko‘payib ketgan. Uyda tozalikka e’tibor berilmaydi va bu holat uy egasining asabini buzishi mumkin.
Qo‘shnilar bilan muammolar
Talabalar ko‘pincha qo‘shnilarga noqulaylik tug‘dirishadi. Bu esa qo‘shnilar tomonidan shikoyatlar tushishiga, hatto politsiya aralashuviga olib keladi. Bunday muammolar uy egasi va qo‘shnilar uchun katta boshog‘riq bo‘lishi mumkin.
Talabalar ijara olishda diqqatli bo‘lishlari, mas’uliyatni his qilishlari va uy egasi bilan kelishuvlarni to‘liq bajarishlari kerak. Bu nafaqat uy egasi bilan o‘zaro munosabatni yaxshilaydi, balki kelajakda yana uy topish imkoniyatini oshiradi.