Texnikumlarning bitiruvchilari OTMlarga suhbat asosida oʻqishga qabul qilish tartibi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
✅ Hukumat qarori (17-son, 11.01.2022) bilan texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga suhbat asosida oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Mazkur Nizom bilan texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali oliy taʼlim muassasalarining 2-bosqichidan oʻqishini davom ettirish uchun qabul qilish tartibi belgilandi.
Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlaganlar toifasiga texnikumdagi butun oʻqish davrida oʻquv semestrlari yakuniga koʻra oʻzlashtirish baholari "5 (aʼlo)" va "4 (yaxshi)", biroq oʻzlashtirish baholarining kamida 50 foizi (tibbiyot oliy taʼlim muassasalari uchun kamida 85 foizi) "5 (aʼlo)" boʻlgan bitiruvchilar kiradi.
Mazkur tartib 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab, bitiruvchi texnikumni tamomlagan yildan boshlab ikki yil mobaynida tatbiq etiladi.
Yuqorida qayd etilgan toifaga kirmaydigan hamda texnikumni bitirganiga ikki yildan oshganlar oʻqishga kirish istagini bildirganda ularni oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga qabul qilish umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻqishga qabul qilish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Bitiruvchilar har yili 5-iyuldan 25-iyulga qadar Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali onlayn roʻyxatdan oʻtadilar.
Bunda bitiruvchilar
- pasport yoki ID-karta nusxasi,
- texnikumni bitirganlik toʻgʻrisidagi hujjat
- va unga ilovaning nusxasini yuklashi talab etiladi:
Onlayn roʻyxatdan oʻtgan bitiruvchilarning tizimga yuklangan hujjatlari oliy taʼlim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan har yili 5-avgustga qadar oʻrganib chiqiladi
Oʻrganish natijalari boʻyicha abituriyentlarning shaxsiy kabineti orqali ularga xabar beriladi.
Bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha oʻtkaziladigan suhbat jarayoni har yili 10-avgustdan 25-avgustgacha, oliy taʼlim muassasasi tomonidan belgilangan muddatda oʻtkaziladi.
⛔️ Ushbu Nizom
- oliy harbiy, oliy harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga;
- Toshkent davlat yuridik universitetiga;
- Oʻzbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari hamda ularning filiallariga nisbatan tatbiq etilmaydi.