Uchta OTMda masofaviy ta’lim shakli joriy etiladi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
2020−2021 o‘quv yilidan boshlab tajriba tariqasida uchta oliy ta’lim muassasasida masofaviy o‘qitish shakli joriy etiladi, deya xabar berdi Davlat test markazining matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 2020−2021 o‘quv yilidan boshlab Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti va Toshkent davlat pedagogika universitetida tajriba tariqasida bosqichma-bosqich masofaviy o‘qitish shakli joriy etilishi rejalashtirilgan.
Xabarga ko‘ra, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Adliya hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari tomonidan 1 avgustga qadar masofaviy o‘qitish shaklini amalga oshirish tartibi belgilanadi, dasturiy-apparat kompleksi yaratiladi va tegishli OTMlarning o‘quv jarayoniga masofaviy o‘qitish platformasi joriy etiladi hamda zarur bo‘lgan uskunalar bilan jihozlanadi.
Bundan tashqari, 1 sentyabrga qadar ilm-fanning ishlab chiqarish bilan faol integratsiyalashuvini ta’minlash maqsadida fundamental va innovatsion tadqiqotlar uchun maqsadli grant mablag‘larini ajratish mexanizmi tubdan qayta ko‘rib chiqilishi haqida ma’lum qilindi.