Vazirning topshirig‘i ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘ldi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda 11-fevral kuni oliy ta’lim muassasalari rektorlari va prorektorlari bilan o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda vazir Ibrohim Abdurahmonov tomonidan bildirilgan ayrim fikrlar turlicha talqin qilinmoqda, deya yozmoqda vazirlik axborot xizmati
Vazirlik oliy o‘quv yurtlari rahbarlariga berilgan topshiriq mazmuni aslida qanday ekanini quyidagicha izohlaydi.
Mazkur yig‘ilish oliy va professional ta’lim muassasalari binolarini muqobil energiyaga o‘tkazish, ta’lim sifatini oshirish, shuningdek rektorlarning mavqeini ko‘tarishga bag‘ishlangan bo‘lib, unda shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining salohiyati bitiruvchilarining ish bilan ta’minlaganlik darajasi bilan ham o‘lchanishi masalasi muhokama qilindi. Vazir tomonidan ta’lim sifatni oshirish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, talabalarning yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ish topishlariga ko‘mak berish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Vazir rektorlarga ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha ogohlantirish berarkan, bunda bir maqsad ko‘zlangan – ta’lim sifatini oshirish. Ya’ni bitiruvchilarni mehnat bozorida mavjud ish o‘rinlariga mos salohiyatga ega kadrlar sifatida shakllantirish OTMlarning bosh vazifasi bo‘lishi kerak. Ijtimoiy tarmoqlar orqali «xorijdagi nufuzli OTMlar masalan, Harvard, Oksford, Kembrij kabilarga ham shunday talablar qo‘yilganmikan? Ular qanaqa vazirlarning talablaridan kelib chiqib shunday natijalarga erishishgan?» kabi savollarga kelsak – Ha, aynan shu universitetlar bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash bo‘yicha eng ilg‘or va shuning uchun ham ularning nufuzi baland hisoblanadi.
Misol qilib keltiradigan bo‘lsak, ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratib, yuksak natijalarga erishayotgan davlatlardan biri — Singapur. Singapurda oliy ta’limga mudofaa tizimi darajasida e’tibor berilishi diqqatga sazovordir, ya’ni qat’iy tartib-intizom, nazorat yo‘lga qo‘yilgan. Singapurda ta’lim siyosati davlatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi bilan baravar yurishi kerak, degan tamoyilga amal qilinadi. Ya’ni har bir OTM bitiruvchisi ish joyiga ega bo‘lishi shart. QS reytingiga ko‘ra dunyoda 11-o‘rin, Osiyoda 1-o‘rinni egallab kelayotgan Singapur milliy Universiteti rahbarlari ularning birorta bitiruvchisi ishsiz emasligi aytib o‘tildi. Universitet bitiruvchilarining ishga joylasha olmasligi bu oliy o‘quv yurtining nufuzi, sha’ni va qadriyatlariga putur yetkazadi, deb hisoblanadi. Oliy ta’lim muassasalari ish o‘rni mavjud bo‘lmagan sohalarda o‘qish tashkil etmaydi. Ta’lim dasturlari mavjud bo‘sh ish o‘rinlarni hisobga olgan holda ishlab chiqiladi. Har bir universitet o‘z navbatida ishchi o‘rin uchun kurashadi. Bu ta’limda raqobat muhitini yaratadi.
Xuddi shunday jahondagi boshqa nufuzli universitetlar (jumladan, Harvard, Oksford, Kembrij) tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tahsil oluvchilarga ularning talabalik davridayoq ish beruvchilar tomonidan qator takliflar kelib turadi. Negaki, bu universitetlardagi ta’lim sifati mehnat bozori talablariga to‘liq javob beradi. Dunyodagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarining barchasi o‘z bitiruvchilariga to‘g‘ri keladigan bo‘sh ish o‘rinlarini topishda ko‘mak beradi. Har bir OTMning hududida Karyera markazlari faoliyat yuritadi, u yerda talabalar uchun turli tadbirlar tashkil etilib, saytlarida mavjud ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlar berib boriladi. Universitet xodimlari talabalar uchun stajirovkalar tanlovlarida ko‘maklashadi, eng yaxshi bo‘sh o‘rinlarini taklif etadi, ish topishga qaratilgan qo‘shimcha kurslar va treninglar o‘tkaziladi. Talabalar birinchi kursdanoq o‘zlarining potensial ish beruvchilari bilan tanishish imkoniyatini beradigan tadbirlar yo‘lga qo‘yiladi. Dunyo tajribasida 60 foiz talabalar amaliyot o‘tagan joylarida talabalik davrlaridayoq ish joylarini topib bo‘ladilar.
Shundan kelib chiqib, majlisda bildirilgan fikr OTM rahbariyatining talabalarni ishga joylashga, yoshlarning ma’lum bo‘sh ish o‘rinlariga tayyor kadr bo‘lib yetishishlariga yordam berishga qaratilgan. Bunda oliy ta’lim muassasasi rahbarlarining OTM bitiruvchilarini o‘zgaruvchan mehnat bozorida ish bilan ta’minlanishiga yanada mas’uliyat bilan qarashlari lozimligi nazarda tutilgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘z tasarrufidagi OTMlar rahbarlariga ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha topshiriq berish va ta’lim sifati past bo‘lgan OTMlarni ogohlantirish vakolatiga ega.
Oliy ta’lim sohasida respublikamizda hozirga qadar katta o‘zgarishlar ro‘y berdi, oliy ta’lim qamrovi kengaydi, xususiy OTMlar ochildi, kredit-modul tizimi joriy etildi. Bularning barchasi yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi. Endigi vazifamiz oliy ta’lim sifatini oshirish va sifatli kadrlar yetishtirib berishdir.
Manba: Axborot xizmati