Xalqaro islom akademiyasiga hujjatlar 10 iyulgacha qabul qilinadi
Abituriyentlar uchun onlayn testlar
➡️ DTM BLOK TESTLAR
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga abituriyentlardan hujjatlar 2020 yilning 10 iyuliga qadar qabul qilinadi. Intellektual test ko‘rinishidagi dastlabki sinovdan o‘tganlarga DTM orqali ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat beriladi. Bu haqda akademiya matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra akademiyaning bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan abituriyentlar uchun dastlabki imtihondan o‘tish tartibi joriy etilgan. Bunda dastlabki imtihon natijalariga ko‘ra abituriyentlarni kirish imtihonlarining keyingi bosqichlariga (kasbiy (ijodiy) imtihon va test sinovlari) o‘tkazish yoki o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilinadi.
Shu bois O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga hujjat topshiradigan abituriyentlar 2020 yilning 10 iyuliga qadar akademiyaning rasmiy sayti orqali hujjatlarini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.
Bu jarayonda abituriyent ushbu havolada ko‘rsatilgan hujjatlarni PDF shaklida yoki sifatli suratga olib, uyda turgan holda kompyuter yoki mobil aloqa vositasida saytga yuklash orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
Hujjatlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazishda barcha ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik pasportiga ko‘ra rasmiylashtirilishi shart. Agarda ism, sharifingiz yoki qaysidir sana yoxud boshqa nomdagi hujjat xato yuklansa, kompyuter tizimi avtomatik ravishda barcha axborotlarni rad etadi. Hujjatlarning to‘liq va to‘g‘ri topshirilgani xususida keyingi kuni rasmiy sayt orqali xabardor bo‘lish mumkin», deydi akademiyaning matbuot xizmati rahbari Bahodir Jovliyev.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi qabul jarayoniga kiritilgan dastlabki sinov intellektual test shaklida 2020 yilning 11-13 iyul kunlari o‘tkaziladi. Mazkur sinovlar imkon qadar soddalashtirilib, onlayn shaklda tashkil etiladi.
«Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda so‘rovnomaning belgilangan joyiga doimiy ish faoliyatdagi mobil telefoni raqamini kiritgan bo‘lishi zarur. Chunki ushbu mobil raqamiga SMS xabar orqali dastlabki imtihon vaqti, internet havolasi hamda imtihonga kirish uchun shaxsiy LOGIN va PAROL yuboriladi. Intellektual salohiyatni baholovchi testni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari haqida akademiya sayti hamda Telegram’dagi rasmiy kanali orqali xabardor bo‘lishingiz mumkin.
Dastlabki imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlar
2020 yilning 15-20 iyul kunlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz, uning hududiy bo‘limlari yoki Davlat test markazi sayti orqali Akademiyaga qo‘shimcha ravishda test sinovi topshirish fanlar majmuasi hamda ketma-ketligi bir xil bo‘lgan yana 4 ta oliy o‘quv yurtini tanlab, belgilangan tartibda hujjat topshirishi mumkin», deydi Bahodir Jovliyev.
Ma’lum bo‘lishicha, akademiyaning bakalavriatiga joriy yilda 200 nafar talaba qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. 22 iyun holatiga ko‘ra 138 nafar abituriyentdan hujjat kelib tushgan.