Yangi o‘quv yilida qancha abituriyent talabalikka tavsiya etilgani ma’lum qilindi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
2023-2024 o‘quv yilida 193 421 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etildi. Shundan 42 655 nafari davlat granti, 150 766 nafari to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan. Bu haqda yangi o‘quv yili uchun test sinovlari yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Bugun, 23 avgust kuni Bilim va malakalarni baholash agentligi o‘tkazgan matbuot anjumanida 2023-2024 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari yakunlari bo‘yicha ma’lumot berildi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yil test sinovlarida unda ishtirok etishi belgilangan 948 mingdan ziyod abituriyentdan 888 660 nafari ishtirok etdi, 59 831 nafari esa ishtirok etmagan.
Test natijalariga ko‘ra 193 421 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etildi. Shundan 42 655 nafari davlat granti, 150 766 nafari to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan. Bunda:
− davlat granti asosida o‘rtacha ball – 119,3 ballni;
− to‘lov-kontrakt asosida o‘rtacha ball – 93,3 ballni tashkil etdi.
Talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarni ta’lim shakllari kesimida ko‘radigan bo‘lsak, 129 927 nafar abituriyent kunduzgi ta’lim shakliga, 49 852 nafar abituriyent sirtqi ta’lim shakliga, 10 752 nafar abituriyent kechki ta’lim shakliga va 2 890 nafar abituriyent masofaviy ta’lim shakliga tavsiya etilgan.
Abituriyentlarning 180 ming nafarga yaqini umumiy qabul parametrlari doirasida talabalikka tavsiya etilgan bo‘lsa, 13,5 ming nafarga yaqini imtiyozga ega abituriyentlar uchun ajratilgan qo‘shimcha qabul parametrlari doirasida tavsiya etilgan. Jumladan:
− nogironligi bo‘lgan shaxslar – 3,5 ming nafar;
− “Mehribonlik" uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar, SOS — bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar – 261 nafar;
− muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomalariga ega bo‘lganlar – 4,2 ming nafar;
− harbiy xizmatchilarning farzandlari – 2,1 ming nafar;
− ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari – 720 nafar;
− ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar – 1,9 ming nafar;
− kamida 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar – 351 nafar.