Yaponiya O‘zbekistondagi ta’lim muassasalariga grant ajratdi
Abituriyentlar uchun onlayn testlar
➡️ DTM BLOK TESTLAR
Vazir H.Umarova, elchi T.Hatori va ta’lim mas’ullari.
28-fevral kuni Toshkentda Yaponiya hukumatining «Inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kichik ijtimoiy loyihalarga ko‘mak berish» dasturi doirasida grant shartnomalarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Yaponiya elchixonasi xabariga ko‘ra, hamkor davlat O‘zbekistondagi uchta ta’lim maskaniga 140165 dollar miqdorida grant ajratmoqda.
Grant hujjatlarini imzolash marosimida O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova hamda Yaponiyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori qatnashdi.
Bitimga muvofiq, Xorazm viloyati Urganch shahridagi 31-maktab sanitariya-gigiyena holatini yaxshilash uchun 91 ming dollar, Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 19- hamda 28-maktabgacha ta’lim muassasalarini o‘quv jihozlari bilan ta’minlash uchun qariyb 25 ming dollardan mablag‘ ajratiladi.
Elchi T.Hatori ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlashga doir loyihalar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikdan shahodat berishi, Yaponiya Markaziy Osiyo yuragida joylashgan O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash niyatida sobit ekanini ta’kidladi.
«Yaponiya O‘zbekiston o‘zi tanlagan yo‘lda ochiq, barqaror tarzda taraqqiy etishi uchun birinchi galda ijtimoiy-iqtisodiy jabhada to‘laqonli hamkorlik qiladi. «Inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kichik ijtimoiy loyihalarga ko‘mak berish» dasturi doirasidagi grant bitimlari O‘zbekiston xalqi farovonligini oshirishga qaratilgan hamkorlikning bir yo‘nalishidir», – dedi diplomat.
Qayd etilishicha, 1995 yildan buyon O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda 420 ga yaqin ko‘p million dollarli loyihalar amalga tatbiq etildi.
Yapon elchisiga ko‘ra, inson salohiyatini oshirishga qaratilgan sarmoyalar O‘zbekiston hukumatining bu boradagi sa’y-harakatlari bilan mushtarakdir.
Avval xabar berganimizdek, elchi T.Hatori kuni kecha Toshkentda o‘tkazilgan anjumanda ham Kunchiqar o‘lka O‘zbekistonga iqtisodiyot, ta’lim va inson resurslarini rivojlantirish sohalarida yordam ko‘rsatishda davom etishini qayd etgan edi.