Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Tibbiyot OTMlarini davlat granti asosida bitirganlar 1 yilgacha vaziyat og‘ir bo‘lgan hududlarga jalb qilinadi

26.07.2020 00:12
Tibbiyot OTMlarini davlat granti asosida bitirganlar 1 yilgacha vaziyat og‘ir bo‘lgan hududlarga jalb qilinadi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi yangi farmonni imzoladi.

Mazkur farmon bilan quyidagi asosiy chora-tadbirlar belgilanmoqda:

1. O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash borasida quyidagi kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshiradi:

a) Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda uch kun muddatda hududlarda shakllangan ijobiy tajribadan kelib chiqib:

  • mahallalar va aholi xonadonlarida yuqumli kasalliklar, shu jumladan koronavirusning oldini olish, simptomsiz, yengil kechayotgan bemorlar va ular bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha har bir oilaviy poliklinika va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda mobil guruhlarni tashkil qilish;
  • mobil guruhlar tarkibiga birinchi navbatda malakali shifokor yoki infeksionist hamda patronaj hamshirasi kiritilishini ta’minlash;
  • mobil guruhlarni dori-darmon, aloqa, transport vositalari va boshqa zarur asbob-uskuna va anjomlar (shaxsiy himoya vositalari, pulsoksimetr, pirometr va boshqalar) bilan ta’minlash;
  • mobil guruhlar uchun soddalashtirilgan yo‘riqnomani ishlab chiqish va tasdiqlash;
  • koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlarini tizimli yo‘lga qo‘yish, laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishda tirbandlikning oldini olish va aholiga qulaylik yaratish maqsadida laboratoriya tekshiruvi amaliyotiga xususiy sektorni jalb qilgan holda ekspress-test va immunoferment tahlil usullarini kiritish;

b) alohida xizmat ko‘rsatish tashkil etilgan tibbiyot muassasalari, ulardagi bo‘sh koykalar soni, kasallarni qabul qilish holati, kasallikka chalingan va tibbiyot muassasalarida hamda boshqa ruxsat etilgan hududlarda davolanayotgan bemorlar soni, ularning holati, dori vositalari, shuningdek zarur laboratoriya va tibbiyot anjomlari va texnikasining mavjudligi hamda holati yuzasidan ma’lumotlarni muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilish;

v) aholi tomonidan murojaat qilinganda hamda ularda kasallik belgilari aniqlanganda tezkorlik bilan koronavirus infeksiyasiga tahlil olish va tahlil natijalarini uch kunlik muddatda ularni shaxsiy telefon raqamlari orqali xabardor qilish;

(hal etiladigan masala: shu kunga qadar respublika bo‘yicha jami 1,67 millionga yaqin test tahlillari o‘tkazilgan bo‘lsa-da, koronavirusga tahlil olish tizimi hozirgi kun talablariga javob bermaydi, tahlil natijalarini olish 10 kun muddatgacha cho‘zilmoqda, bu esa respublikadagi haqiqiy holatni baholashga to‘sqinlik qiladi)

g) o‘n kun muddatda tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi axborot almashish tizimini soddalashtirish maqsadida hisobotlar turi, davriyligi va boshqa qog‘ozbozliklar bilan bog‘liq jarayonlarni elektron tizimga o‘tkazish orqali keskin qisqartirish;

d) qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda koronavirus kasalligiga chalingan bemorlarga uy sharoitida yordam ko‘rsatishning quyidagi tartibini joriy qilish:

  • har bir oilaviy poliklinika kesimida umumiy amaliyot shifokori va patronaj hamshirasi uchun aniq xonadonlarni taqsimlash hamda umumiy nazoratni oilaviy poliklinika mudiri tomonidan amalga oshirish;
  • har bir tuman (shahar) tibbiyot birlashmasida tajribali shifokorlardan iborat bo‘lgan kasallikka chalingan bemorlarni saralash va evakuatsiya qilish, davolash jarayonini monitoring qilish guruhlarini tuzish;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har bir tuman (shahar) tibbiyot birlashmasida birlamchi bo‘g‘in shifokorlari bilan tuman (shahar) tibbiyot birlashmasining vrachlari operativ maslahatlashish va bemorlar ahvolini to‘g‘ri baholay olish imkonini beradigan aloqa tizimini o‘rnatish;
  • har kuni kasalligi simptomsiz, yengil kechayotgan bemorlar, ular bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar soni, ahvoli, shuningdek davolash muolajalarini olayotgan bemorlarda kasallik kechish dinamikasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oilaviy poliklinika mudiri tomonidan telefon yoki onlayn videoaloqa tizimi orqali tuman (shahar) tibbiyot birlashmasining oilaviy poliklinikalar bo‘yicha koordinatoriga yetkazib borish;
  • uy sharoitida davolanayotgan bemorlar ahvoli dinamikasida salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan taqdirda mobil guruhga murojaat qilish, bemorni tuman (shahar) tibbiyot birlashmasiga tegishli bo‘lgan tibbiyot muassasalariga yotqizish;

e) sohada kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini soddalashtirish maqsadida:

  • ikki hafta muddatda qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalardagi mavjud kichik va o‘rta tibbiy xodimlar vakant joylarini tibbiyot ta’lim muassasalari bitiruvchilari, pensionerlar va boshqa tibbiyot mutaxassisligiga ega bo‘lgan shaxslar orasidan to‘liq to‘ldirilishini ta’minlash;
  • o‘n kun muddatda Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi bilan birgalikda tibbiyot muassasalari umumiy klinik laboratoriyalarining vrach-laborantlarini virusologiya laboratoriyalarida faoliyat ko‘rsatishi uchun tayyorlash, shu jumladan amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslarni tashkil qilish;
  • o‘n besh kun muddatda respublikadagi oliy ta’lim muassasalarining «Biologiya» ta’lim yo‘nalishini tugatgan bitiruvchilarini Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi va uning hududiy filiallari, Toshkent tibbiyot akademiyasi va uning hududiy filiallari, Andijon, Buxoro va Samarqand tibbiyot institutlarida virusologiya laboratoriyasining vrach-laboranti mutaxassisligi bo‘yicha bir oylik qayta tayyorlash kurslarini yo‘lga qo‘yish; (Natijada: birgina 2019-2020 o‘quv yilida «Biologiya» ta’lim yo‘nalishini 1 mingga yaqin bitiruvchilar tamomlagan bo‘lib, qisqa muddatli va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish orqali mavjud kadrlar salohiyatidan unumli foydalanib, Respublika bo‘yicha mavjud 16 ta virusologiya laboratoriyalariga kadrlar yetishtirib beriladi).
  • koronavirus pandemiyasini bartaraf etish bo‘yicha e’lon qilingan karantin tadbirlari yakuniga qadar barcha tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining davlat granti asosida tahsil olgan bitiruvchilarini 1 yilgacha bo‘lgan muddatga vaziyat og‘ir bo‘lgan hududlarga jalb qilish. Bunda vaziyat og‘ir bo‘lgan hududlarga jalb qilinayotgan mutaxassislar uchun uy-joy va boshqa qulay sharoitlar yaratish bilan bog‘liq xarajatlarni tegishli mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirish;
  • o‘n kun muddatda Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi hududiy bo‘linmalarining tibbiy xodimlarini «valeolog» mutaxassisligiga qayta ixtisoslashtirish bo‘yicha bir oylik qisqa muddatli onlayn kurslarni tashkil qilish; (natijada: valeologiya yo‘nalishi bo‘yicha qishloq vrachlik punktlari (817 ta), oilaviy poliklinikalarda (984 ta) faoliyat olib boradigan hamshiralar, psixologlar va ijtimoiy xodimlar malakasi oshiriladi)

j) Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi tomonidan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarini (qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar) jalb qilgan holda har bir xonadonda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, zararli odatlarga qarshi kurashish, tibbiy madaniyatini rivojlantirish, jismoniy tarbiya, sport va to‘g‘ri ovqatlanishni faol targ‘ib qilish bo‘yicha doimiy ravishda zarur choralar ko‘rib borish.