Ehtiyojmand xotin-qizlarga berilgan imtiyoz qanday hisoblanadi?
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Juda ko‘p xotin-qizlar "tavsiyanoma oldim, endi aniq o‘qishga kiraman" deb o‘ylayapti. Ammo bu xato. Tavsiyanomadan tashqari ular yuqori ball ham to‘plashi kerak, yaʼni bilim ham muhim.
Tavsiyanoma berilgan xotin-qizlarga respublika bo‘ylab kunduzgi taʼlimga davlat granti asosida jami 2000 ta QO‘SHIMCHA kvota ajratilgan. Sirtqi va kechki taʼlimda imtiyoz berilmaydi.
Ko‘pchilik tavsiyanoma olganlar “menga ball qo‘shib beradi”, deb o‘ylaydi. Bu ham xato. Mazkur tavsiyanoma hech qanaqa ball qo‘shib bermaydi.
BU MUHIM: 2000 ta o‘rin uchun tavsiyanoma olgan xotin-qizlar uchun imtiyozli kvota faqat BIRINCHI yo‘nalishga o‘tadi. Shu sababli birinchi yo‘nalishga kunduzgi taʼlimni tanlash kerak. Agar birinchi yo‘nalishga sirtqi, kechki yoki masofaviy tanlansa, unda imtiyozli kvotaga daʼvogarlik qila olishmaydi. Birinchiga kunduzgini tanlab, 2, 3, 4 yoki 5-yo‘nalishga sirtqi, kechki, masofaviyni tanlash mumkin.
Kvotalar hududlar kesimida bo‘lib chiqiladi. 2023-yil 30-iyun holatida hali imtiyozli kvotalar e’lon qilinmadi, ma’lum emas.
Hisoblash tartibi
Keling, Samarqand misolida ko‘rib chiqamiz. Samarqand uchun ajratiladigan kvotalar Samarqandda doimiy ro‘yxatda (propiska) turadigan xotin-qizlar uchun mo‘ljallangan bo‘ladi, Samarqanddagi OTMlarga hujjat topshirganlar uchun emas. Samarqandlik tavsiyanoma olgan xotin-qizlar faqat Samarqandga hujjat topshirishi shart emas, ular istalgan hududni (masalan, Toshkent) tanlashi mumkin.
Xo‘sh, bu nimani anglatadi? Imtiyoz qanday qo‘llanadi?
Buning tartibi quyidagicha:
- tushunish osonroq bo‘lishi uchun Samarqand viloyatiga 5 ta kvota berilgan deb, tasavvur qilamiz;
- aytaylik Samarqand viloyatida jami 40 nafar xotin-qizlarga tavsiyanoma berildi;
- tavsiyanoma olgan 40 nafar xotin-qizlar respublikaning istalgan OTMlariga hujjat topshirgan;
- abituriyentlar turlicha ball to‘plashdi;
- Samarqanddan tavsiyanoma olgan barcha xotin-qizlar orasida eng yuqori ball olgan 5 nafar abituriyentlar grant asosida qo‘shimcha kvotaga qabul qilinadi;
- qolgan xotin-qizlar o‘zining bali bilan umumiy, el qatori tanlovda ishtirok etadi, yaʼni imtiyoz doirasida o‘qishga kira olmasa ham umumiy tartibda tanlovda qatnashaveradi.
Faqat yana bir jihati bor: dastlabki yilda kvotalar hudud kesimida umumiy berilar edi. O‘tgan yildan boshlab 3 ta sohaga alohida kvota ajratildi:
- aniq va tabiiy fanlar;
- texnika fanlari;
- tibbiyot fanlari;
Mana shu uchta sohadan ortib qolgan kvotalar esa, umumiy boshqa barcha sohalar uchun ajratildi.
Masalan, o‘tgan yili Andijon uchun umumiy kvota 183 ta edi. Shu jumladan, aniq va tabiiy fanlar uchun 43 ta, texnika fanlari uchun 24 ta, tibbiyot fanlari uchun 29 ta kvota. Jami 96 ta o‘rin mana shu 3 ta sohaga ajratildi. Qolgan 87 ta o‘rin esa boshqa barcha sohalar, masalan gumanitar, ijtimoiy, xizmatlar sohalari va h.k. uchun umumiy tanlov sifatida berilgandi.
Har bi soha uchun alohida tanlov bo‘lgan. Shu sababli o‘tgan yili tavsiyanoma olgan xotin-qizlar bitta sohada 140 ball bilan ham kirolmagan, boshqa sohada 80 ball bilan ham kirgan. Kvotalarni sohalarga bo‘lish orqali mana shunday nomutanosiblik va ijtimoiy adolatsizlik yuzaga kelgandi. Ko‘ramiz, bu yil qanaqa bo‘lar ekan. Sohalarga kvota beriladimi yoki umumiy bo‘ladimi, hozircha noma’lum.